Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek tili va ta’limi muammolari atroflicha muhokama etildi
17:57 / 2025-11-09

Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universitetida “O‘zbek tili va ta’limi muammolari” mavzusida xalqaro ilmiy-nazariy konferensiya o‘tkazildi.

Mazkur anjuman ushbu oliy ta’lim dargohi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, bir qator xorijiy universitetlar, «Science and Innovation» ilmiy jurnali bilan hamkorlikda tashkil etildi. 

Konferensiyada O‘zbekiston Fanlar akademiyasi O‘zbek tili, adabiyoti va folklori instituti direktori, tilshunos olim Nizomiddin Mahmudov va boshqalar mamlakatimizda o‘zbek tilini rivojlantirish, uni o‘qitish sohalariga innovatsion texnologiyalarni joriy etish, xalqaro miqyosda targ‘ib va tashviq etish masalasiga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi. 

Darhaqiqat, keyingi yillarda mamlakatimizda 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni sifatida keng nishonlanmoqda. Ona tilimizni ravnaq toptirish borasida ko‘plab huquqiy-me’yoriy hujjatlar qabul qilindi. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan joriy yilda “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorning imzolanishi soha ravnaqida yangi istiqbollarni ochmoqda. 

Bu hujjat o‘zbek tilini rivojlantirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilab bergani bilan ahamiyatlidir. Qarorga muvofiq, o‘zbek tilini qo‘llash sohasini kengaytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar belgilangan. O‘zbek tilini ravnaq toptirish dasturlari: 2020-2030 yillarga mo‘ljallangan o‘zbek tilini rivojlantirish konsepsiyasini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shimcha tadbirlar belgilab berilgan.

Konferensiyada o‘zbek tilining nazariy va amaliy masalalarini tahlil etish, xorijda o‘zbek tilini chet tili sifatida o‘qitishning ahamiyati
ini oshirish, o‘zbek tilining xalqaro miqyosdagi o‘rni va nufuzini yuksaltirish, amaliy va kompyuter lingvistikasida tilimizning qo‘llanilishi bilan bog‘liq masalalar atroflicha muhokama etildi. 

– Bundan ko‘p yillar muqaddam o‘zbek tiliga davlat tili maqomining berilishi bu tilning xalqaro miqyosda ham maqomini yuksaltirdi, – dedi Anqara universiteti professori Aynur O‘z O‘zjon. – 1991 yilda universitetimizda zamonaviy o‘zbek tili kafedrasi ochildi. Unga o‘zbek tilini o‘qitish uchun zahmatkash olim Iristoy Qo‘chqortoyev ishga taklif etildi. Hozirda mazkur bo‘lim bakalavriat, magistratura, doktorantura sohalarida o‘zbek tilini o‘qitishda yetakchi o‘rin egallamoqda. U yerda o‘zbek tili grammatikasi, semantikasi, xalq og‘zaki ijodi kabi yo‘nalishlarda puxta bilim beriladi. Ko‘plab yosh tadqiqotchilar o‘zbek tiliga oid masalalar bo‘yicha ilmiy dissertatsiyalar himoya qildilar. O‘zbek adib va shoirlarining “Saylanma” asarlari taqdimoti, buyuk shoir va mutafakkir Alisher Navoiyning tavallud sanasi muntazam o‘tkaziladi. Bu kabi anjumanlar o‘zbek tilini xorijda o‘qitish bo‘yicha yangi istiqbollarni muhokama etish imkonini berishi bilan ahamiyatlidir. 

Anjumanda o‘zbek tili ta’limiga katta hissa qo‘shib kelayotgan olima Muhabbat Qurbonova tavalludiga 60 yil to‘lishi munosabati bilan olima faoliyati xususida atroflicha so‘z yuritildi.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Muhabbat Qurbonova 1965 yilning kuzida Xorazmda ziyolilar oilasida tug‘ildi. Uning ilk ustozi – otasi – adabiyot muallimi Matyoqub hoji Qutlimurodov bo‘ldi. Bo‘lajak olima 1983 yilda ToshDU – hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetiga o‘qishga kirdi. Universitetni imtiyozli diplom bilan bitirib, ilmiy izlanishlarini davom ettirdi.

Aspiranturada tahsil oldi. 1993 yilda professor Karim Nazarov rahbarligida “Fitratning tilshunoslik merosi” mavzusidagi kandidatlik dissertatsiyasini yoqladi. Muvaffaqiyatli himoyadan so‘ng “O‘zbek tilshunosligi” kafedrasida o‘qituvchi lavozimida ishlay boshladi. 1998 yilda dotsent ilmiy unvoniga sazovor bo‘ldi va ustozi, filologiya fanlari doktori, professor Ra’no Sayfullayeva rahbarligida sodda gapning formal funksional (zotiy) talqini bo‘yicha doktorlik dissertatsiyasi ustida ish boshladi. 2001 yilda “O‘zbek tilshunosligida formalfunksional yo‘nalish va sodda gap qurilishining talqini” mavzusidagi doktorlik dissertatsiyasini himoya qildi. Professor Muhabbat Qurbonovaning ilmiy maqolalari respublikamizdan tashqari xorijiy davlatlarda ham e’lon qilingan.

Anjumanda o‘zbek tilining nazariy va amaliy masalalarini tahlil qilish va o‘rganish, tilshunoslik sohasida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish istiqbollari, o‘zbek tilining boshqa tillar bilan aloqalarini o‘rganish va rivojlantirish, o‘zbek tili taraqqiyoti masalalarini tadqiq etish, o‘zbek tili ta’limi va tadqiqotida O‘zbekiston Milliy universitetining o‘rni kabi mavzular batafsil muhokama etildi. 

N.Usmonova, O‘zA