Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek tili taqdiriga xalqimiz ham befarq emas!
15:16 / 2021-10-21

Tarix guvoh, dunyodagi eng qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili shu kungacha ko‘p ming yillik taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tib, xalqimiz singari ne-ne qiyinchiliklarga duch kelmadi, deysiz. 1989 yilning 21 oktyabr sanasidan boshlabgina o‘zbek tili haqiqiy ma’noda o‘z qadrini topdi. O‘zbek tiliga Davlat tili maqomi berildi. Xalqimiz uzoq kutgan qonun qabul qilindi.

Oradan ikki yil o‘tib, O‘zbekistonning mustaqil suveren davlat sifatida tan olinishi esa mazkur qonunning kuchi va ahamiyatini yanada oshirdi. O‘tgan yillarda «Davlat tili haqida»gi qonun yangi tahrirda qabul qilinib, yanada takomillashtirildi. 2020 yildan boshlab 21 oktyabrni O‘zbek tili bayrami sifatida keng nishonlashimiz bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasining qonunining qabul qilinishi esa bu boradagi eng katta yutug‘imiz bo‘ldi.

Ta’kidlash lozim, yurtimizda so‘nggi yillarda davlat tiliga bo‘lgan e’tibor har qachongidan kuchaydi. Eng muhimi, buning uchun zarar bo‘lgan barcha huquqiy asoslar yaratilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining bir vakili,   «Milliy tiklanish» demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi sifatida o‘zbek tilining davlat tili sifatidagi maqomini mustahkamlash,  davlat hokimiyati, boshqaruv organlarida davlat tilining keng qo‘llanilishi, qonun hujjatlari va idoraviy yozishmalarning to‘liq davlat tilida bo‘lishiga erishish borasida muhim takliflarni beryapmiz.  

Yaqinda Qonunchilik palatasida «Davlat tili haqida»gi qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun loyihasi qanday muhokama qilingani, bu borada deputatlar o‘rtasida bo‘lib o‘tgan tortishuvlarga xalqimiz ham guvoh bo‘ldi.  OAV va ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘z munosabatini bildirdi.  Demak, bugun o‘zbek tilining taqdiriga xalqimiz ham befarq emas.

Shu tuproqda yashayotgan har bir inson o‘zbek tiliga bo‘lgan e’tiborni Vatanga, Mustaqillikka, o‘z haq-huquq va erkinligiga bo‘lgan e’tibor deb bilsa, tilning barhayot yashashi shubhasiz.  

Zero, Ona tili haqida o‘ylaganimizda, har doim ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniyning «Har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadurg‘on oyinai hayoti til va adabiyotidur. Milliy tilni yo‘qotmak millatning ruhini yo‘qotmakdur», degan hikmatnamo so‘zlari beixtiyor yodimga keladi.

 

Zafar ABDIRIMOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati