2025 yil 20 oktyabr kuni “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori qabul qilindi. Unda o‘zbek tilining mavqeini mustahkamlashga qaratilgan bir qator vazifalar o‘z aksini topdi.
Bu hujjat mohiyati va ahamiyati haqida Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Navro‘zbek YUSUPOV o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi:

– “Davlat tilini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Prezident qarori faqat bir sohaga emas, balki butun jamiyat taraqqiyoti, millat ma’naviyati va davlat suverenitetini yanada mustahkamlashga qaratilgan keng qamrovli strategik hujjatdir.
Qaror orqali davlat tili – o‘zbek tilining qonuniy maqomi yanada mustahkamlandi. Endi nafaqat qonunda belgilangan, balki amaliyotda ham davlat tilidan to‘liq va samarali foydalanish talab etiladi. Boshqaruv organlarida ma’naviyat va davlat tili bo‘yicha maslahatchi lavozimining joriy etilishi esa bu yo‘nalishdagi mas’uliyatni institutsional darajada ta’minlaydi.
Shuningdek, qarorda belgilanganidek, maktabgacha ta’limdan to oliy ta’limgacha bo‘lgan barcha bosqichlarda o‘zbek tilini o‘qitish tizimini takomillashtirish bu kelajak avlodga millatning ma’naviy merosini izchil yetkazishdir. Yangi darsliklar, qo‘llanmalar, “Mening ilk izohli lug‘atcham”, multimedia mahsulotlar – bolalar uchun tilni o‘rgatishni yanada osonlashtiradi.
Prezident qaroridagi eng ilg‘or yo‘nalishlardan biri – o‘zbek tilini sun’iy intellekt vositalari orqali qo‘llab-quvvatlash. Bu orqali o‘zbek tili raqamli dunyoda munosib o‘rin egallashini ta’minlaydi. Elektron lug‘atlar, atamalar reyestri, AI-platformalar yaratilishi tilning zamonaviy muhitda yashovchanligini kafolatlaydi.
Qarorda xorijdagi vatandoshlarimiz, milliy madaniy markazlar va chet ellik talabalar uchun yaratilayotgan qulayliklar — til orqali yurt bilan bog‘liqlikni mustahkamlashga xizmat qiladi. Bu davlat tilini nafaqat ichki, balki xalqaro miqyosda ham targ‘ib qilishning muhim yo‘lidir.
“Jonajon o‘zbek tilim”, “O‘zbek tili – qalbim tarjimoni”, “Yilning eng yaxshi o‘zbek tili o‘qituvchisi” kabi tanlovlar orqali ijodkorlar, o‘qituvchilar va yoshlar til rivojiga amaliy hissa qo‘shadi. Bu – ijodiy raqobat orqali milliy tilni hayotga tatbiq qilish deganidir.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining mazkur qarori nafaqat huquqiy hujjat, balki milliy o‘zlik, ma’naviyat, iftixor va taraqqiyot strategiyasidir.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA