Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbek tili” o‘quv kurslarida turli millat vakillari tahsil olmoqda
18:33 / 2024-10-09

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi hamda uning hududiy bo‘linmalarida o‘zbek tilini o‘rganish istagida bo‘lgan o‘zga millat vakillari uchun “O‘zbek tili” kurslari faoliyat olib bormoqda.

Ushbu o‘quv kurslari O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 oktyabrdagi “O‘zbek tilini davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi, 2020 yil 20 oktyabrdagi “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonlari hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 3 martdagi “Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti faoliyatini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosi yuzasidan olib borilmoqda.

Tashkil etilganidan buyon mazkur markazda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa vazirligi, Toshkent issiqlik elektr markazi, “O‘zkimyosanoat”, “O‘zagrolizing” aksiyadorlik jamiyati, “Toshkent metropoliteni”, “Uzbekistan airways” aksiyadorlik jamiyatlari, “O‘zInjiniring” respublika loyiha instituti, O‘zbekiston Respublikasi Davlat bojxona qo‘mitasi va boshqa ko‘plab davlat tashkilotlarining qariyb 500 nafarga yaqin xodimi, 89 nafar chet el fuqarosi ushbu o‘quv kurslarini muvaffaqiyatli tugallab, sertifikatga ega bo‘ldi.

– “O‘zbek tili” kursining o‘quv dasturi 144 soatga mo‘ljallangan bo‘lib, kurs davomiyligi 3 oyni tashkil etadi, – dedi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi o‘qituvchisi Muhammadaziz Omonov. – Ushbu dastur orqali tinglovchilar o‘zbek tilini muloqot darajasida o‘rganish, amalda qo‘llash, gapirish, yozish, tinglab tushunish, o‘qib tushunish ko‘nikmalarini shakllantirishga asosiy e’tibor qaratiladi. Ayni paytda o‘quv mashg‘ulotlari davomida tinglovchilarning o‘zbek an’analari, madaniyatini o‘rganishiga alohida e’tibor qaratiladi.

[gallery-19669]

Biz o‘zbek tilini o‘rganayotgan bir qator tinglovchilar bilan suhbatlashdik.

– Bu mening dastlabki mashg‘ulotim, – dedi Tatyana Beginina. – Ko‘p yillar davomida iqtisodiyot sohasida mehnat qildim. Hozir pensiyadaman. Bu davrda til o‘rganishga imkon ko‘proq bo‘lar ekan. Albatta, shu yurtda yashab, uning tilini bilmaslik juda uyat. Avval o‘zbek tilini ozroq bo‘lsa-da bilardim. Endilikda, uni ko‘proq o‘rganish niyatim bor. Dars mashg‘ulotlari juda qiziqarli, zamonaviy vositalar asosida o‘tilmoqda.

Dalida Sharipova poytaxtimizning Chilonzor tumanidagi 101-maktabning 6-sinfida o‘qiydi. Tatar millatiga mansub bu qiz o‘quv kurslarining eng yosh tinglovchisi.

– Bunday o‘quv mashg‘ulotlarining borligini ota-onam internet orqali aniqlashdi, – dedi Dalida Sharipova. – Maktabimizda o‘zbek tili darslari o‘tiladi. Men barcha fanlar qatori o‘zbek tilini ham a’loga o‘zlashtirsam-da, baribir o‘z bilimlarimdan qoniqmay, ushbu o‘quv kurslariga qatnay boshladim. Kelgusida shifokor bo‘lishni orzu qilaman. Bu kasb o‘zbek tilini puxta bilishni taqozo etadi. “O‘zbek tili” o‘quv kurslari juda qiziqarli, foydali o‘tkazilmoqda. Shu yurtni o‘ziga Vatan sanovchi har bir fuqaro uning davlat tilini puxta bilmog‘i kerak, deb o‘ylayman.

– Tanishlarim orqali ushbu o‘quv kurslaridan xabar topdim, – dedi Koreya Respublikasi fuqarosi Li Te Gi.– Asli yurtistman. Koreyada ko‘chmas mulk biznesi bilan shug‘ullanaman. Dastlab rus tilini o‘z yurtimda o‘rgandim. Lekin davlat tilini bilish muhim ekanini angladim. O‘zbekistonda o‘z tadbirkorlik ishimni yo‘lga qo‘yish niyatim bor. Buning uchun albatta, davlat tili – o‘zbek tilini bilishim zarur. Ilgari Koreyada yashagan paytlarimda o‘zbek tilini dastlab internet tarmog‘i orqali o‘rganishni boshlagan edim. Lekin jonli muloqot baribir ko‘proq foydali va mazmunli ekanini tushunib yetdim.

Aytish kerakki, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida “O‘zbek tili” o‘quv mashg‘ulotlari turli millat vakillaridan iborat 6 ta guruhda (90 nafar) fuqarolarimiz bepul o‘qitib kelinmoqda. Markaz tomonidan Turkiya Respublikasining Chet eldagi Turklar va qarindosh jamiyatlar raisligi Anqara ofisida Turkiya, Ozarbayjon, Eron, Turkmaniston, Qozog‘iston, Afg‘oniston, Iroq davlatlarining fuqarolari uchun “O‘zbek tili” kursi bo‘yicha dars mashg‘ulotlari tashkil etilmoqda.

“O‘zbek tili” kursiga tinglovchilar qamrovini kengaytirish maqsadida ijtimoiy tarmoqlarda o‘quv kursi haqida e’lonlar ham joylashtirilgan.

Nazokat Usmonova, Rustam Nazarmatov (surat), O‘zA