Har bir millatning o‘zligi avvalo tilida namoyon bo‘ladi. O‘zbek tili ham mamlakat, xalq mustaqilligining ramzlaridan biri sifatida jahon maydonida nufuz topdi. Uni ardoqlash, yoyish, targ‘ib qilish o‘zini O‘zbekiston fuqarosiman degan vatandoshlarning muqaddas burchi.
Bugun Farg‘onada buyuk ajdodimiz Alisher Navoiy haykali poyida o‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun nishonlandi. Unda so‘zga chiqqanlar davlat rahbarining Birlashgan millatlar tashkiloti yuksak minbaridan turib o‘zbek tilida so‘zlaganlari tarixiy voqea ekanini, tilimiz rivoji uchun har bir fuqaro yanada ko‘proq hissa qo‘shishi zarurligini alohida qayd etdilar.
Tadbirda yozuvchi, shoir, olimlar, hazrat Navoiy siymosidagi aktyorlar ona tilimizning ahamiyati haqida gapirdilar. Shu narsa ta’kidlandiki, haligacha tilga bee’tibor bo‘lish hollari uchraydi. Ikki yozuvlik esa til rivojiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgandek.
– Rus tilini yaxshi bilganlar o‘zining tilini yaxshi biladiganlardan ko‘ra ustunroq bo‘lgan davrlarni ko‘rdik. O‘zbek tili oldida hali ham qarzdormiz deb o‘ylayman, – deydi O‘zbekiston Respublikasi xalq o‘qituvchisi Hamidjon Rahimov. – O‘zbek tiliga hurmatni oiladan boshlashimiz kerak. Ko‘chalarni xorijiy tillarda yozilgan peshtoq yozuvlari bosib ketdi. Bu g‘arbga taqliddir balki. Yozuvlar o‘zimizning o‘zbek tilida yozilganida ko‘proq jozibador bo‘lardi. O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun bilan barcha yurtdoshlarimizni tabriklayman. Tilimizning azizligi bardavom bo‘lsin.
[gallery-25833]
Tadbirda viloyatdagi davlat va jamoat tashkilotlari vakillari tilimizga asos solgan va “yakqalam” qilgan bobomiz Alisher Navoiy haykali poyini gulchambarlarga to‘ldirdilar.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/4T3EykVZEEY?si=DFgzjG6Tm7tv-Z8U" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Muhammadjon Obidov, Elyor Olimov(video, surat).
O‘zA