Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zligimiz va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, buyuk qadriyatdir.
Kimda-kim o‘zbek tilining bor latofatini, jozibasi va ta’sir kuchini, cheksiz imkoniyatlarini his qilmoqchi bo‘lsa, munis onalarimizning allalarini, ming yillik dostonlarimizni, o‘lmas maqomlarimizni eshitsin, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlariga quloq tutsin.
O‘zbek tilini rivojlantirish, davlat tili sifatidagi maqomini yanada yuksaltirish maqsadida yurtimizda 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami kuni deb belgilangan.
Oliy Majlis Senatida mazkur sana munosabati bilan Abdulla Qodiriy nomidagi ijod maktabi bilan hamkorlikda “Ona tilim – faxrim” nomli adabiy kecha o‘tkazildi.
Tadbirda o‘zbek tiliga oid ilmiy izlanishlar, lug‘atlar yaratish, xorijiy tillarning tilimizga va o‘zbek tilining o‘zga tillarga ta’siri haqida so‘z yuritildi. So‘nggi yillarda o‘zbek tili va adabiyotini taraqqiy ettirish borasida mamlakatimizda olib borilayotgan ishlarga to‘xtalib o‘tildi.
Maktab jamoasi va o‘quvchilari parlament faoliyati, xususan, qonunchilik va qonun ijodkorligi jarayoni bilan yaqindan tanishdi.
O‘z navbatida, o‘quvchilar tomonidan mavzuga oid badiiy dastur namoyish qilindi. Ona tilimizni madh etuvchi she’rlar, hikmatli so‘zlar va qo‘shiqlar ijro etildi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan tadbir davomida maktab drama to‘garagi tomonidan tayyorlangan “Qasamyod” spektakli ishtirokchilar e’tiboriga havola etildi. Ushbu spektaklda XX asr boshlarida o‘zbek tili va adabiyoti rivojiga katta hissa qo‘shgan jadidlar obrazi gavdalantirildi. O‘quvchilarning o‘z rollarini mohirona ijro etishi tomoshabinlarda iliq taassurot qoldirdi. Ko‘ngillarda jadidlarga nisbatan ehtirom tuyg‘usi yanada mustahkamlandi.
Qiziqarli muloqot davomida ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollariga batafsil javob oldi.
N.Abduraimova, O‘zA