Sirdaryo viloyatida O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilganligining 36 yilligi keng nishonlanmoqda. Bayram tantanalari Alisher Navoiy nomidagi “Bilimdonlar maskani”dan boshlandi.
Tantanali marosimda viloyat va shahar hokimligi, qator tashkilot va muassasalar, ta’lim tizimi vakillari, ijod ahli hamda keng jamoatchilik ishtirok etdi. Ulug‘ alloma, o‘zbek tili va adabiyotining asoschisi Alisher Navoiy haykali poyiga gulchambarlar qo‘yilib, ona tilimizga bo‘lgan hurmat va ardoq ramziy tarzda ifoda etildi.

Tadbir Guliston davlat universitetida “Jon ichra jonsan, tilim” mavzusidagi ma’naviy-ma’rifiy dastur bilan davom etdi. Uni Sirdaryo viloyat hokimining davlat tili masalalari bo‘yicha maslahatchisi G‘aybulla Yusupov ochib, viloyat hokimi vazifasini bajaruvchi Erkinjon Turdimovning bayram tabrigini o‘qib eshittirdi.
Universitet rektori, professor M. Hojiyev barcha ishtirokchilarni samimiy muborakbod etar ekan, davlat tilining millat ma’naviyati va birdamligini mustahkamlashdagi o‘rni, til madaniyatini yuksaltirish hamda yosh avlodni ona tilimizga muhabbat ruhida tarbiyalash muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

– Davlat tili — xalqning ruhi, tarixiy xotirasi va kelajak poydevoridir. Ona tilimizning nufuzini oshirish, uni hayotning barcha sohalarida to‘liq tatbiq etish har birimiz uchun sharafli burchdir, – dedi O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi, professor Ravshanbek Mahmudov.
Bayram tadbirlari talabalar tomonidan teatrlashtirilgan konsert dasturi bilan davom etdi. Yosh ijodkorlar va teatr jamoasi ijrosidagi sahna ko‘rinishlari, qo‘shiq va she’rlar tomoshabinlarga yuksak ruh va iliq kayfiyat ulashdi.

Shuningdek, tadbirda Halima Xudoyberdiyeva ijod maktabi o‘quvchilari To‘ra Sulaymon va Halima Xudoyberdiyeva she’rlaridan parchalarni yurakdan, berilib o‘qishdi. Yangragan go‘zal, mazmundor qo‘shiqlar esa teatr xonandalari tomonidan jonli tarzda ijro etildi.

– Davlat tili — millatning bosh belgisi, uning mustaqilligini ifoda etuvchi ma’naviy ustundir, – dedi Yozuvchilar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari Noriniso Qosimova. – Bugun o‘zbek tili nafaqat mamlakatimizda, balki xalqaro minbarlarda ham jaranglamoqda. Bu avvalo til siyosatiga berilayotgan e’tibor va xalqimizning o‘z ona tiliga bo‘lgan sadoqati samarasidir. Tilning qudratini anglash — millatning qudratini anglash demakdir. “Davlat tili to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilinganiga 36 yil bo‘lgan bu davrda o‘zbek tili hayotning barcha sohalarida faol qo‘llanilayotgani, elektron platformalar, ilmiy va madaniy maydonda munosib o‘rin egallayotgani har bir fuqaro uchun faxr manbaidir.

G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri