Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek tili – millat ruhi, milliy g‘ururimizdir
14:25 / 2022-12-28

Til – millatning ko‘zgusi bo‘lib, unda tarix – o‘tmish va kelajak jonlanadi.

Turkiy tillarning katta oilasiga mansub bo‘lgan o‘zbek tilining tarixi xalqimizning ko‘p asrlik orzu-intilishlari, dardu armonlari, zafarlari bilan bog‘liq. O‘zbek tilining bor latofati, jozibasi va ta’sir kuchi, cheksiz imkoniyatlari, munis onalarimizning allalarida, ming yillik dostonlarimizda, o‘lmas maqomlarimizda, baxshi va hofizlarimizning sehrli qo‘shiqlarida aks etgan. Buyuk ajdodlarimiz, ota-bobolarimiz aynan ona tilimiz orqali jahonga o‘z so‘zini aytgan hamda nodir ma’naviy meros, qadriyatlarimizga asos solgan.  

Jasur va matonatli xalqimiz har qanday zulm va zo‘ravonliklarga qaramasdan, o‘z ona tili va milliy g‘ururini saqlab qoldi. Qanchalik og‘ir bo‘lmasin uni rivojlantirib, bugungi avlodlarga bezavol yetkazib berdi. Mutaxassislarning fikricha, jahon ahli bugungi kunda 7 mingdan ziyod tilda gaplashishiga qaramasdan, ularning faqatgina 200 ga yaqinida davlat tili yoki rasmiy til maqomi mavjud ekan. O‘tmishda 9 mingdan ortiq til mutlaq yo‘qolib ketganligi ham asoslantiriladi. Biror bir tilning yashab qolishini ta’minlash uchun kamida 1 million kishi faol foydalanishi kerak, deydi soha o‘rganuvchilari. bugungi kunda yer yuzida 50 millionga yaqin aholi o‘zbek tilida so‘zlashadi. Bu raqam   Ona tilimizning umrboqiyligini mustahkamlovchi omillardan  biridir. Taassufki, mustabid tuzim davrida millat ruhi, g‘ururi bo‘lmish o‘zbek tilining mavqeini pasaytirishga urinishlar ko‘p bo‘ldi. Millat oydini, ma’rifatparvar adib Abdulla Qodiriy “O‘zbek tili kambag‘al til emas, balki o‘zbek tilini kambag‘al deguvchilarning o‘zi kambag‘al. Ular o‘z nodonliklarini o‘zbek tiliga to‘nkamasinlar” degan xitobi bilan o‘tmishning achchiq sitamlarini namoyon etadi.  

Mamlakatimizning asosiy qonuni – Konstitutsiyamizning o‘zbek tilida yaratilishi uning nufuzini yanada ko‘tardi. Yurtimiz bo‘ylab va xalqaro maydonlarda ona tilimizda yaratayotgan Davlat madhiyasi ham qalblarimizda Vatan tuyg‘usini jo‘sh urdiradi. Ulug‘ ma’rifatparvar bobomiz Abdulla Avloniy ta’kidlaganidek, “... har bir millatning dunyoda borligini ko‘rsatadigan oynai hayoti – bu uning milliy tili va adabiyotidir”.  

Darhaqiqat, dunyo xalqlari va millatlarining madaniy o‘zagi va asosiy muloqot manbai bu ularning milliy tili hisoblanadi. Shunday ekan har bir tilning saqlanishi hamda yosh avlodga yetkazilishi, xalq taraqqiyoti va uning keljagini belgilaydi. Birgina til ko‘plab xalqlarni o‘zaro birlashtiradi, tarbiyalaydi, o‘qitadi, urf-odat, an’ana va madaniyatlarini saqlaydi, uni avloddan avlodga o‘tishini ta’minlaydi.  

Har bir inson uchun Vatani, ota-onasi, oilasi qanchalik muqaddas bo‘lsa, ona tili ham shunchalik azizdir. Hattoki, go‘dak ham dunyoni ona allasi, ona tili orqali anglaydi. Shuning uchun doim til, millat, Vatan tushunchalari yonma-yon yuradi. Tilsiz jamiyat rivojlanmaydi, taraqqiy topmaydi. Ona tili-millat ruhi, or-nomusi hisoblanadi.  

Ma’lumki, bugungi kunda ingliz tili xalqaro muloqot tillarining asosiylaridan biri hisoblanadi. U hayotimizning iqtisodiy masalalarni hal etishini osonlashtiradi, desak adashmagan bo‘lamiz. Biroq har bir mamlakat o‘z tilini saqlab qolishiga harakat qilishi kerak, chunki aynan til uni o‘ziga xos qiladi va boshqa mamlakatlardan ajratib turadi.  

Ota-ona borki, o‘z farzandlarini buyuk ajdodlarimiz singari olamga mashhur insonlar bo‘lib yetishmog‘ini chin yurakdan istaydilar. Ularning yorqin kelajagi yo‘lida har qanday mushkulotlarga ko‘ksini tutadi. Biroq bugungi kunda jondan aziz farzandining boshqa tilli maktablarda tahsil olishini istayotganlar ham kam emas ekan. Olamshumul maqsadlar yo‘lidagi bu urinishlar balki ma’lum ma’noda o‘zini oqlar, ammo o‘z ona tilini qoyillatib o‘rganmagan, ta’bir joiz bo‘lsa, so‘zlarimiz sehrini his qilmagan, o‘zaro aytib turgan gapining yarmini esa boshqa tildagi “olifta so‘zlar” egallagan yoshlarning yutuqlari bizning milliy ravnaqimizga ulush bo‘lib qo‘shila olarmikan?!  

Ma’rifatparvar alloma va o‘z davrida o‘nga yaqin dunyoviy tillarni puxta o‘rgangan olim Isoqxon Ibratning ushbu so‘zlariga e’tbor qarataylik: “Bizning yoshlar albatta boshqa tilni bilishi uchun sa’y-harakat qilsinlar, lekin avvalo o‘z ona tilini ko‘zlariga to‘tiyo qilib, ehtirom ko‘rsatsinlar.

Zero, o‘z tiliga sadoqat – bu vataniy ishdir”.  

Muhtaram Prezidentimiz qayerda va qay mavzuda ma’ruza qilmasinlar, yurt kelajagi bo‘lmish yoshlar masalasiga alohida e’tibor qaratadi. “... Yosh avlod qalbida ona tilimizni bolalikdan singdirish maqsadida ta’limning barcha bosqichlarida o‘zbek tilini zamonaviy va innovatsion texnologiyalar asosida mukammal o‘rgatishga alohida e’tibor qaratishimiz lozim. Toki, bolalarimiz o‘zbek tilida ravon o‘qiydigan, ravon yozadigan va teran fikrlaydigan insonlar bo‘lib yetishsin”.  

Ushbu da’vatlar har bir vatandoshimizni hushyor torttirmog‘i hamda farzandlar kamoli yo‘lidagi ulkan ishlarga otlantirmog‘i lozim.    

Millatimiz ruhi, milliy g‘ururimiz – o‘zbek tili mamlakat taraqqiyoti, jamiyat rivojida katta o‘rin egallashi hech kimga sir emas. Har bir xalq, elatni milliy tilsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Chunki, milliy tilda millat ruhi, uning boy tarixiy qiyofasi, milliy qadriyatlar, sobit e’tiqodlar aks etgan bo‘ladi.  

Prezidentimizning Oliy Majlis va O‘zbekiston xalqiga yo‘llagan murojaatnomasida ham ta’limni qo‘llab-quvvatlash, ona tilini  mukammal o‘rganish zarurligi ta’kidlandi: “... Bolalarimiz maktabdan ona tili va chet tillarini puxta o‘zlashtirib, kompyuterda ishlashni o‘rganib chiqishi zarur” deganlari, milliy tilimizni yanada rivojlantirish, ta’lim tizimini yanada yaxshilash borasidagi g‘oya va tashabbuslari nafaqat biz ziyolilarni, shu bilan xalqimizning barcha qatlamini birdek quvontirdi. Unda aytilgan gaplar barchamiz uchun dasturilamal bo‘lib xizmat qiladi.  

O‘zbek tilini davlat tili sifatida siyosiy-huquqiy, iqtisodiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotimizda faol qo‘llanishi, xalqaro minbarlarda baralla yangrashi davlatimiz tomonidan milliy tilimizga qaratilgan haqiqiy e’tibordir.  

Bir so‘z bilan aytganda Prezidentimiz o‘z murojaatnomasida yakunlanayotgan yilda erishilgan muvaffaqiyatlar hamda 2023 yilda amalga oshirilishi kerak bo‘lgan vazifalar, oldimizdagi rejalarni belgilab berdi.  

Isomiddin Musayev,  

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti  

O‘zbek tili va adabiyoti kafedrasi katta o‘qituvchisi  

O‘zA