Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek tili — millat ma’naviyati va g‘ururi ifodasi
12:02 / 2025-10-20

Milliy gvardiya Ma’naviyat va ma’rifat markazida 21 oktyabr – O‘zbek tili bayrami munosabati bilan tantanali tadbir bo‘lib o‘tdi.

Milliy g‘urur va yurt ma’naviyatini ulug‘laydigan ushbu tadbirda ma’ruzachilar o‘zbek tilining boy tarixi, uning davlat tili sifatidagi nufuzi, Navoiydan tortib Fitratgacha bo‘lgan ma’naviy merosimiz haqida atroflicha to‘xtaldi. Shuningdek, davlat tili to‘g‘risidagi qonunchilik, farmon va qarorlar haqida ham batafsil ma’lumotlar berildi.

Anjuman doirasida taniqli mutafakkirlar — Alisher Navoiy, Maxtumquli, Abdurauf Fitrat kabi allomalarning asarlari, til tarixi haqidagi ko‘rgazma, adabiy qahramonlar obrazlari aks etgan rasmlar va qo‘lyozmalar ko‘rgazmasi namoyish etilib, badiiy kitoblar yarmarkasi tashkil qilindi.

Tadbirning badiiy qismida "Temurbeklar maktabi" o‘quvchilari Alisher Navoiy va Boburning faxr uyg‘otuvchi she’rlarini maroq bilan ijro etdilar.

Harbiy musiqa akademik litseyi o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan chiqishlar, vatanparvarlik va tilimizga muhabbatni targ‘ib etuvchi sahna ko‘rinishlari esa yuraklarga yo‘l topdi. Shuningdek, Milliy gvardiya ashula va raqs ansambli xonandalari ijrosidagi qo‘shiqlar tadbirni bayramona ruh bilan bezadi.

Ushbu ma’rifiy bayram nafaqat til, balki millat, tarix va kelajak borasidagi umummilliy g‘oyalarni yana bir bor ulug‘lab, yoshlar ongida o‘zlikni anglash tuyg‘usini mustahkamladi.

Tadbir yakunida mehmonlar Milliy gvardiyaga bebaho ma’naviy xazina — yurtimiz adabiyoti va ma’naviy hayotiga doir qimmatli kitoblar to‘plamini sovg‘a sifatida taqdim etishdi.

Nigora Rahmonova,

O‘zA