Русский
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek tili – millat g‘ururi va iftixori
14:29 / 2022-07-26

Dunyodagi qadimiy va boy tillardan biri bo‘lgan o‘zbek tili xalqimiz uchun milliy o‘zlik va mustaqil davlatchilik timsoli, bebaho ma’naviy boylik, mamlakatimizning siyosiy-ijtimoiy, ma’naviy-ma’rifiy taraqqiyotida muhim o‘rin egallab kelayotgan buyuk qadriyatdir.

Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universitetining tashkil etilgani ona tilimizning tarixiy ildizlarini chuqur o‘rganish, uni ilmiy asosda har tomonlama rivojlantirish va qo‘llash doirasini kengaytirish, filolog kadrlar tayyorlash borasidagi ishlarni yangi pog‘onaga ko‘tardi. Ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 21 oktyabrda “O‘zbek tilining Davlat tili sifatidagi nufuzi va mavqeyini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilingani, Vazirlar Mahkamasi huzurida Davlat tilini rivojlantirish Departamenti tuzilgani, 21 oktyabr sanasini “O‘zbek tili bayrami kuni” deb e’lon qilinishi, 2020 yil fevral oyidan boshlab, tumanlarda hokimning ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun talablariga rioya etishni ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi lavozimi tashkil etilgani bu sohadagi e’tiborni ko‘rsatadi.

Hududlarda atoqli alloma va adiblarimiz nomlari bilan atalgan ijod maktablarining barpo etilishi esa bu yo‘ldagi yana bir muhim qadam bo‘ldi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, ayni paytda dunyoda 7 mingdan ortiq millat yashasa yoki 250 dan ortiq davlat mavjud bo‘lsa, faqatgina 170 ta tilga davlat tili maqomi berilgan. Bizning ona tilimiz ham ana shunday ulug‘ maqomga ega ekanligidan faxrlanamiz.

Oltoy tillar turkumi turkiy tillar oilasining eng qadimiy va eng katta bo‘lagi o‘zbek tilining asrdan asrga sayqallanib, ohangi go‘zallashsa-da, o‘zagi o‘zgarmay kelishida Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur kabi buyuk allomalarimizning o‘z zamonasida chekkan zahmatlari, bu yo‘lda qilgan mehnatlari alohida tahsinga sazovor.

Biroq keyingi paytlarda chet tillaridan kirib kelib, tilimizga o‘rnashib qolayotgan, til o‘zgarishiga xavf solayotgan so‘zlar ham uchrayapti. Ayniqsa, qator savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish do‘konlaridagi reklama va e’lonlarning yozilishida ayrim tadbirkorlar O‘zbekiston Respublikasi “Davlat tili haqida”, “Reklama to‘g‘risida”gi Qonun talablarini qo‘pol ravishda buzilishiga yo‘l qo‘ymoqda. Masalan, bir qator maishiy xizmat ko‘rsatuvchi shoxobchalarning peshtoqida “Salon WYeLLA”, “MANGO”, “OPEN”, “Moyka BEST ishlayapti”, “Trinajyornыy zal”,  “Aroma Parfum” kabi tushunarsiz bo‘lgan jumlalar uchraydi.

Buxoro shahrida juda ko‘plab mehmonxonalar mavjud, ularning nomlari ham xorijiy tilda “Hotel”, avtomobil yuvish shoxobchalarida “Avtomoyka”, “Moy sam”, ayrim ovqatlanish shoxobchalarida “Burger”, “Fast-Fud”, “My Market”, “Mini Market”, “Optom market” kabi reklama  yozuvlari tilimizning nufuziga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Shu yil  7 iyunda qabul qilingan hamda 7 sentyabrdan kuchga kiradigan O‘zbekiston Respublikasining “Reklama to‘g‘risida”gi Qonunining 6-moddasida reklamaning tili aniq belgilab berilgan. Unga muvofiq reklama tiliga qo‘yilgan talablarni aynan keltirib o‘tamiz.

O‘zbekiston Respublikasi hududida reklama O‘zbekiston Respublikasining davlat tilida tarqatiladi.

Reklama mazmunining tarjimasi quyidagi talablarga rioya etgan  holda boshqa tillarda takror berilishi mumkin, reklama mazmunining boshqa tillardagi tarjimasi matni uning O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi asosiy ma’nosini buzib ko‘rsatmasligi kerak. Tashqi reklama orqali joylashtiriladigan reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matnining pastki qismida gorizontal holda joylashtirilishi va umumiy reklama maydonining qirq foizidan oshmasligi kerak. Reklamaning boshqa tillardagi tarjimasi matni harfining o‘lchami O‘zbekiston Respublikasi davlat tilidagi reklama matni harfining o‘lchamidan kichik bo‘lishi kerak, deb ta’kidlangan.

Boshqa chet tillarini kamsitmagan, ularni o‘rganish zamon talabi ekanligini inkor etmagan holda aytmoqchimizki, ona tilimiz qudratini dunyoga yoyadigan, tanitadigan vaqt keldi. Biz shunday bo‘laylikki, chet elliklar ham o‘zbek tilini o‘rgansin, ehtiyoj sezsin.

Har  birimiz o‘zbek tilining sofligini ta’minlab, uning nufuzi va mavqeyini yuksaltirishni milliy g‘ururimiz, sha’nimiz, vatanparvarlik burchimiz, deb bilmog‘imiz kerak.

Ra’no Rahimova,
Buxoro viloyati Jondor tuman hokimining ma’naviy-ma’rifiy  ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi. 

O‘zA