Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek tili – millat birligini ta’minlovchi ijtimoiy kuch
09:58 / 2025-10-16

O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat institutida 21 oktyabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan “O‘zbek tili – millat birligini ta’minlovchi ijtimoiy kuch” mavzuida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.

Tadbirda institutning Ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish bo‘yicha Jamoatchilik kengashi raisi, tarix fanlari doktori, professor, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi Abduxalil Mavrulov ishtirok etib, talabalar bilan ochiq muloqot olib bordi.

Muloqot chog‘ida o‘zbek tilining kelib chiqishi, uning boy tarixiy ildizlari va shakllanish bosqichlari to‘g‘risida batafsil ma’lumot berildi. Til – bu millatning ruhi, tafakkuri va madaniyati ekani, o‘zbek tili esa ming yillar davomida buyuk adiblar, tarixiy shaxslar va olimlar tomonidan sayqallab kelingan bebaho meros ekani qayd etildi. 

Shuningdek, olim o‘zbek tilining Yangi O‘zbekiston sharoitida yangi ma’naviy makonni, “Uchinchi Renessans”ni barpo etishdagi muhim o‘rni haqidagi mulohazalari bilan o‘rtoqlashdi.

Suhbat davomida talabalar mavzu yuzasidan o‘z fikr-mulohazalarini bildirdi. Tilning ijtimoiy hayotdagi o‘rni, yosh avlodni ona tilida savodli va odobli qilib tarbiyalash borasidagi masalalar muhokama qilindi. 

Bunday tadbirlar talabalar ma’naviyatini yuksaltirish, ularni ona tilimizga, milliy qadriyatlarga sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega. 

Tadbir davomida talabalar ona tilini asrab-avaylash yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.

N.Usmonova, O‘zA muxbiri