Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek tili – davlat va millat tili
10:38 / 2022-10-13

Navoiy davlat pedagogika institutida “Globallashuv sharoitida o‘zbek tili nufuzini oshirishning nazariy va amaliy masalalariga yangicha yondashuv: muammo, yechim, istiqbollar” mavzusida respublika ilmiy-amaliy anjumani bo‘lib o‘tdi.

O‘zbek tilining xalqimiz ijtimoiy hayoti va xalqaro miqyosdagi obro‘-e’tiborini tubdan oshirish, davlat tili sifatida o‘zbek tilini o‘rganish uchun shart-sharoitlar yaratish borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Jumladan, Prezidentimizning 2020 yil 20 oktyabrda “Mamlakatimizda o‘zbek tilini yanada rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilinib, 2020-2030 yillarda o‘zbek tilini rivojlantirish va til siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi tasdiqlandi.

Unda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotining barcha sohalarida davlat tili imkoniyatlaridan to‘liq va to‘g‘ri foydalanishga erishish, ta’lim tashkilotlarida davlat tilini o‘qitish tizimini yanada takomillashtirish, uning ilm-fan tili sifatidagi nufuzi, davlat tilining sofligini saqlash, uni boyitib borish va aholi nutq madaniyatini oshirish, davlat tilining zamonaviy axborot texnologiyalari, kommunikatsiyalariga faol integratsiyalashuvini ta’minlash, mamlakatimizda yashovchi barcha millat va elatlar tillarini rivojlantirish maqsadida keng va teng imkoniyatlar, ularga davlat tilini o‘rganish uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga alohida e’tibor berilgan.

– Til – boy tariximiz, qadriyatlarimiz, ma’naviyatimiz, xalqimizga xos dunyoqarashni ko‘rsatuvchi ko‘zgu bo‘lib, ajdodlar merosini avlodlarga yetkazuvchi vositadir, – deydi Navoiy davlat pedagogika instituti rektori Bahodir Sobirov. – Bu ilmiy-amaliy anjumanda ishtirokchilar tomonidan qilingan ma’ruzalarda ham konsepsiyada ilgari surilgan yo‘nalishlarga alohida e’tibor qaratilgan. Konferensiya tashkiliy qo‘mitasiga kelib tushgan 300 dan ortiq maqolalar dolzarbligi va ilmiy yangiligiga qarab saralab olindi va to‘plam holida chop etildi.

Ilmiy-amaliy anjumanda lingvistik geografiya: lingvistik atlaslarning yaratilishi, o‘zbek tili leksikasi taraqqiyotida dinamik omil, til taraqqiyotida badiiy adabiyotning o‘rni, ona tili ta’limini o‘qitishda zamonaviy yondashuvlar, til taraqqiyotida tilshunoslik maktablarining o‘rni kabi mavzulardagi ma’ruzalar tinglandi.

Samarqand, Qarshi, Buxoro, Toshkent va Termiz shahridagi oliygohlardan onlayn qatnashgan konferensiya ishtirokchilari navoiylik hamkasblari bilan o‘zbek tili nufuzini oshirishning nazariy va amaliy masalalari, til va ma’naviyat: adabiyot, falsafa, tarix, til ta’limiga zamonaviy yondashuv kabi masalalarda o‘zaro fikr almashdi.

Abduvali Bo‘riyev, O‘zA