Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek tili bayrami nishonlandi
22:36 / 2023-10-21

Surxondaryo viloyatida 21 oktyabr – O‘zbek tiliga davlat tili maqomi berilgan kun munosabati bilan davra suhbatlari, uchrashuv va boshqa madaniy–ma’rifiy tadbirlar bo‘lib o‘tdi.

Oltinsoy tumanidagi 15–Bolalar musiqa va san’at maktabida tashkil etilgan bayram tadbiri “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” deb nomlandi.  

Tumandagi umumta’lim maktablari direktorlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha  o‘rinbosarlari, ona tili va adabiyot fani o‘qituvchilari, yoshlar, keng jamoatchilik vakillari ishtirok etgan tadbirda o‘zbek tilining mavqeini, davlat tili sifatidagi o‘rnini mustahkamlab, sofligi va jozibadorligini yanada oshirish haqida so‘z yuritildi. Ona tilimizning dunyo minbarlarida yangrayotganidan har bir millatdoshimiz faxr-iftixor hissini tuyib yashayotgani alohida e’tirof etildi.  

Tadbir doirasida O‘zbek tili bayrami kuniga bag‘ishlab, tuman axborot- kutubxona markazi xodimlari tomonidan tashkil qilingan “Til – millat ko‘zgusi” deb nomlangan nodir kitoblar va iste’dodli o‘quvchilarning rang-barang rasmlari ko‘rgazmasi namoyish etildi. Ona tili, Vatan, milliy qadriyat va millat g‘ururi kabi mavzulardagi o‘zbek tilini ulug‘lovchi she’rlar, jozibador kuy-qo‘shiqlar barchaga bayramona kayfiyat bag‘ishladi.  

Tadbir yakunida “Ona tilim – faxrim” nomli chellenjlar tanlovi g‘oliblari va o‘zbek tili targ‘ibotida faollik ko‘rsatayotgan bir guruh oltinsoyliklarga tuman hokimining faxriy yorliq va esdalik sovg‘alari topshirildi.  

O‘zbek tili bayrami Termiz shahri va tumanlarda, ta’lim, tibbiyot va boshqa muassasalarda ham munosib nishonlandi.

Xolmo‘min Mamatrayimov

O‘zA muxbiri