Har bir millatning borligi, o‘zligi uning ona tili bilandir. Til — millatning asosiy boyligi, xalqning ijtimoiy kelib chiqishini o‘zida aks ettiradigan muhim vosita.
Yurtimizda 21 oktyabr — O‘zbek tili bayrami sifatida keng nishonlanib kelinadi. Ayni kunlarda ushbu sana munosabati bilan turli tashkilot va muassasalarda, jamoalarda tadbirlar, ko‘rik-tanlov va kechalar tashkil etilmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi tomonidan vazirlik tizimidagi ta’lim muassasalarida joriy yilning 12-31 oktyabr kunlari O‘zbek tili bayramiga bag‘ishlab “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning 20 kunligi o‘tkaziladi.
Shu munosabat bilan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Unda vazirlik tizimidagi oliy ta’lim va professional ta’lim muassasalarida O‘zbek tili bayramiga tayyorgarlik bilan bog‘liq tadbirlarning bajarilishi va mazkur sanani yuqori saviyada nishonlash borasidagi vazifalar muhokama qilindi. Qishloq xo‘jaligi vaziri maslahatchisi Eshmirza Abdualimov raisligidagi yig‘ilishda oliy ta’lim muassasalari rahbarlarining yoshlar masalalari, ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari, mutasaddi rahbar va mas’ul xodimlar, jamoat tashkilotlari yetakchilari ishtirok etdi.
Tizimdagi ta’lim muassasalarida “Qadring baland bo‘lsin, ona tilim!” shiori ostida ma’naviy-ma’rifiy tadbirlarning 20 kunligini o‘tkazish choralari belgilandi.
M.Komilova, O‘zA