O‘zbek tili – millatimiz ma’naviyati va tarixiy merosining asosi, davlat tili sifatida esa uning nufuzi, huquqiy va ijtimoiy ahamiyati katta ahamiyatga ega. Davlat tilini rivojlantirish va uning amalda qo‘llanilishini ta’minlash har bir fuqaroning hamda davlat organlari xodimlarining muhim vazifasidir.
Shu bois, har yili 21 oktyabr kuni yurtimizda O‘zbek tili bayrami keng nishonlanadi. Bu sana nafaqat milliy o‘zligimizni, balki davlat tili sifatida tilni mustahkamlash va uning nufuzini oshirishga qaratilgan muhim ma’naviy voqea sifatida ahamiyatlidir.
Shu munosabat bilan Tog‘-kon sanoati va geologiya vazirligida “O‘zbek tili barchamizni birlashtiradi!” shiori ostida ommaviy diktant tadbiri o‘tkazildi.
Unda vazirlik mas’ullari, mutaxassislar va xodimlar faol ishtirok etdi.
Vazirlik axborot xizmati rahbari Azamat Akobirovning qayd etishicha, davlat tili nafaqat biz uchun aloqa vositasi, balki milliy o‘zligimizning va davlat organlarining birligi ramzidir.
– O‘zbek tiliga bo‘lgan hurmat xodimlarning kasbiy faoliyatida ham namoyon bo‘lishi kerak, shuningdek, yosh avlodni ham milliy qadriyatlarimizga hurmat bilan tarbiyalashda muhim ahamiyatga ega. Shu talablar asosida tashkil etilgan ushbu tadbirning asosiy maqsadi davlat tilini rivojlantirish va xodimlar orasida ona tiliga muhabbat va hurmatni mustahkamlashga qaratildi.Unda markaziy apparat xodimlari o‘zbek tili imlo qoidalarini bilish va husnixati mahoratini sinovdan o‘tkazdi. Shu bilan birga, “Eng ifodali she’r o‘qish” tanlovida ham ishtirok etdi. Bu esa tadbirga ijodiy ruh va quvonch qo‘shdi, – dedi A.Akobirov.
Shu tariqa, ommaviy diktant nafaqat davlat tilining qoidalari va bilimlarini sinovdan o‘tkazish, balki xodimlarning ona tiliga va davlat tiliga bo‘lgan ehtiromini namoyon etishda yana bir imkoniyat yaratdi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA