Teatr san’ati milliy madaniyatimizning ajralmas qismi bo‘lib, u jamiyatning an’anaviy rivojlanishida muhim o‘rin tutadi.
O‘zbekistonda teatrlarning faoliyati, ayniqsa, bepul spektakllar orqali keng qatlamlarga yetib borishi bu sohaning rivojlanayotganidan darak beradi. Milliy statistika qo‘mitasi tomonidan taqdim etilgan 2024 yil hisob-kitoblariga ko‘ra, mamlakatdagi teatrlar jami 10 824 spektakl namoyish etgan bo‘lib, ulardan 3 445 tasi bepul o‘tkazilgan. Bu raqamlar teatrning jamiyat uchun qanchalik ochiq ekanini ko‘rsatadi.
Bepul spektakllar san’atni barcha qatlamlarga, ayniqsa, ijtimoiy himoyaga muhtoj guruhlarga, yoshlar va kam ta’minlangan oilalarga yetkazishda muhim rol o‘ynaydi. 3 445 ta bepul spektakl mamlakatda teatrning ommaviyligini oshirishga va madaniy ongni yuksaltirishga xizmat qilmoqda.

Hududlar kesimida bepul spektakllar taqsimotiga keladigan bo‘lsak: Toshkent shahri – 1 035 ta, Farg‘ona viloyati – 441 ta, Samarqand viloyati – 347 ta, Xorazm viloyati – 311 ta, Andijon viloyati – 271 ta, Surxondaryo viloyati – 261 ta, Qoraqalpog‘iston Respublikasi – 240 ta, Namangan viloyati – 134 ta, Qashqadaryo viloyati – 124 ta, Buxoro viloyati – 107 ta, Jizzax viloyati – 68 ta, Navoiy viloyati – 58 ta, Sirdaryo viloyati – 48 tani tashkil etadi.
Toshkent shahri bepul spektakllar soni bo‘yicha yetakchilik qiladi. Bu yerda teatrlarga yuqori darajada e’tibor berilishi, aholi zichligi va madaniy infratuzilmaning rivojlanganligi bilan izohlash mumkin. Poytaxtdagi teatrlarning faoliyati va madaniyatga berilayotgan e’tibor butun mamlakat uchun namunadir.
Farg‘ona, Samarqand va Xorazm kabi viloyatlar bepul spektakllar soni bo‘yicha o‘rta pog‘onada turibdi. Bu hududlarda teatrlarga qiziqish saqlanib qolayotganini va madaniy hayot davom etayotganini ko‘rsatadi. Ayni paytda Sirdaryo, Navoiy va Jizzax kabi viloyatlarda bepul spektakllar soni nisbatan kam, bu esa teatrlarga qator hududlarda ko‘proq e’tibor berish zarurligini bildiradi.
Bepul spektakllarning ko‘pligi davlat va mahalliy hokimiyatlarning madaniyatni ommalashtirishga va har bir fuqaroning madaniy qadriyatlarga ega bo‘lishiga alohida e’tibor qaratayotganidan dalolat beradi. Bu esa ijtimoiy barqarorlik va milliy birdamlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA