Xizmat ko‘rsatgan usta bilan eksklyuziv suhbat
2024-yil 24-fevral-30-mart kunlari Doha shahrida O‘zbekiston miliy hunarmandlik va zamonaviy dizayn ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda. San’at sohasi vakillari Doha dizayn biyennalesida ishtirok etish uchun Qatar poytaxti markazi – Msheyrebda to‘plangan.
Ilk bor mazkur shaharda tashkil etilgan xalqaro tadbirda mamlakatimiz “Hunarmand O‘zbekiston: tolalardagi an’ana” loyihasi bilan ishtirok etayotgani haqida xabar bergandik.
O‘zA biyennaleda Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan namoyish etilayotgan eksponatlar, hunarmandlik namunalari, jumladan dunyo e’tiboriga tushgan milliy, tarixga borib taqaladigan tapchan xususida reportaj tayyorladi.
Ko‘rgazmada O‘zbekiston taqdim etayotgan 49 xil qo‘l mehnati namunasi diyorimizning boy hunarmandlik an’anasi va zamonaviy ijod yutuqlarini uyg‘unlashtirgan. Xalqaro anjuman ochilishi doirasida Doha dizayn biyennalesi uchun maxsus qurilgan supa-tapchan ijodkori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan usta Sirojiddin Rahmatillayevning taassurotini yozib oldik.
– Dunyoning har qanday ko‘rgazmasini bezay oladigan o‘zbegim milliy tapchani dunyo san’at shaydolari e’tiborini tortyapti. Dohadagi taqdimotda, ayniqsa, o‘zbek san’atini butun dunyo iliq qabul qilyapti. Tashrif buyuruvchilar qo‘l mehnatidan tayyorlangan asarlarimizga jiddiy qiziqish bildiryapti.
Noyob asar sifatida e’tirofga sazovor bo‘layotgan tapchanimiz kecha paydo bo‘lgani yo‘q, balki uzoq tarixga borib taqaladi. Yoshlik davrimizda har bir xonadonda loydan yasalgan supalar bo‘lardi. Krovatlar keyinchalik takomillashib, yog‘ochdan yasaladigan zamonaviy tapchanga aylandi.
Yog‘ochdan yasalgan, o‘zgacha talqindagi mazkur tapchan dizayn biyennalesidagi eng nodir asarlar sirasiga kirgani barchamizni quvontirdi. Dizayner Nada Debs bilan uzoq vaqt hamkorlikda ishladik, har bir jarayonni muhokama qildik.
Loyiha chizmasining o‘ziga ikki hafta vaqt ketdi. Uch oyda yasalgan ijod mahsulimiz noodatiy – sakkiz oyoqdan iborat, sirtdan oddiy ko‘ringani bilan murakkab tuzilishga ega, har bir oyoq konussimon ishlangan.
Markaziy Osiyo tapchanlarini hamma davlatda ham uchramaydi. Bu asar o‘ziga xos yangilik hisoblanadi. Ayniqsa, o‘rindiqqa mos xontaxta ajoyib uslubda yaratilgan. Pavilonimizga kelayotgan chet elliklar hunarmandlik namunasiga turlicha ta’rif berish bilan band.
Ko‘plab davlatlardagi ko‘rgazmalarda ishtirok etganman. Bu galgi safar jamoamizga o‘zgacha kayfiyat taqdim etdi. Dohada namoyish qilingan amaliy san’atimiz uzoq tarixga ega. Asarlarimiz orqali jahon ahli mamlakatimiz tarixi, boy madaniy merosidan bahramand bo‘ladi, degan umiddamiz.
Keyingi reportajlarimizda milliy pavilonimizdan chitga gul bosish, gilamchilik, sandiq, lavh namoyishiga bag‘ishlangan suhbatlarni e’tiboringizga havola etamiz.
O‘zbekistonlik usta bilan intervyuni O‘zAning YouTube tarmog‘ida tomosha qilishingiz mumkin.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/rIX-9ey8PLg" title="Oʻzbek tapchani dunyo eʼtiboriga tushdi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" allowfullscreen></iframe>O‘zA muxbiri Behruz Xudoyberdiyev suhbatlashdi.
Yoqubjon Meliboyev (video),
Doha, Qatar