Bugun, 24 noyabr kuni poytaxtimizda yangicha tizimda tashkil etilishi yo‘lga qo‘yilgan “Prezident olimpiadasi” musobaqalarining final bosqichi bahslari boshlandi.
O‘yinlar nizomiga muvofiq, bugun Olimpiya shaharchasida boks, erkin va ayollar kurashi, Chirchiq olimpiya va paralimpiya sport turlari markazida og‘ir atletika, gimnastikaga ixtisoslashtirilgan respublika bolalar va o‘smirlar olimpiya zaxiralari maktabida badiiy gimnastika musobaqalarining ilk bellashuvlari bo‘lib o‘tadi.

26 noyabrdan yunon-rum kurashi va yengil atletika, 30 noyabrdan basketbol(3x3) o‘yinlari, 2 dekabrdan stol tennisi musobaqalari o‘tkazilishiga start beriladi.
Musobaqalarda 15-17 yoshdagi mamlakatimizning yosh va umidli sportchilari ishtirok etadi.

Kecha kun mobaynida Sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, tegishli sport federatsiyalari hamda o‘yinlarni o‘tkazish tashkiliy qo‘mitasi a’zolari “Prezident olimpiadasi”da ishtirok etadigan hududiy jamoalarni belgilangan manzillarda tantanali kutib olishdi.
Shuningdek, kecha bir qator sport turlarida qur’a tashlash marosimlari, hakamlar, murabbiylar va jamoa rahbarlari ishtirokida mandat komissiyasining yig‘ilishlari o‘tkazildi.

Aytish lozim, uch bosqichdan iborat “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” musobaqalarining mintaqa bosqichida 6 ming 500 nafardan ziyod hamda Toshkent shahar bosqichida 800 nafarga yaqin sportchilar ishtirok etdi. Ularning 517 nafari bugun boshlanayotgan “Prezident olimpiadasi”da qatnashayotganligi vatanimiz sharafini xalqaro musobaqalarda himoya etadigan mahoratli sportchilarimiz zaxirasiga yana yuzlab talantlar kelib qo‘shilayotganligidan dalolat.

"Prezident Olimpiadasi" musobaqalarining har jihatdan yuqori saviyada, adolatli, shaffof o‘tishini ta’minlashda ishtirok etadigan 27 nafardan ziyod hakamlar o‘z navbatida mamlakatimizda kompleks musobaqalarni tashkil etish ko‘nikmasi, nufuzli bellashuvlarni boshqarib borish ko‘nikmasi, bilimi va tajribasi ortishiga zamin yaratishi bilan ahamiyatlidir.

Eslatib o‘tamiz, 10 ta olimpiya sport turida o‘tayotgan “Prezident olimpiadasi” musobaqalari 5 dekabrga qadar davom etadi.
<iframe width="560" height="315" src="https://www.youtube.com/embed/ZkAz8nyYf6U?si=Mg5GHFznBn2vYFNz" title="YouTube video player" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA