So‘nggi yillarda O‘zbekiston sportida kuzatilayotgan ulkan yutuqlar faqatgina sportchilarning mahorat yoki jismoniy tayyorgarligi bilan emas, balki tuzilmaviy islohotlar, ilmiy asoslangan yondashuvlar va samarali boshqaruv natijasida yuzaga kelmoqda. Mazkur jarayonda sport mutaxassislari, tashkilotchilar va menejerlarning roli katta.
Ana shunday sport mutaxassislaridan biri — O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi Bosh kotibi Oybek Qosimov.
U 1980 yilda Toshkent shahrida tug‘ilgan. Mehnat faoliyatini yurist maslahatchisi sifatida boshlagan.

Mutaxassisning sport sohasiga kirib kelishi esa 2006 yildan “Paxtakor” futbol klubida Bosh direktorning birinchi o‘rinbosari, keyinchalik Bosh direktor sifatidagi faoliyati bilan bog‘liq. Ushbu tajriba uning sport menejmentidagi salohiyatini to‘liq namoyon etdi. 2010–2012 yillarda Toshkent shahar futbol federatsiyasi birinchi vitse-prezidenti lavozimida ishlagan.
2013–2018 yillarda Milliy olimpiya qo‘mitasining o‘sha yillardagi raisi Mirabror Usmonov (2013-2017) taklifi bilan qo‘mita Bosh kotibi lavozimiga tayinlangan. Oybek Qosimov 2018–2020 yillarda Jismoniy tarbiya va sport vazirining birinchi o‘rinbosari sifatida faoliyat yuritdi. 2020 yildan esa MOQ Bosh kotibi sifatida ishlab kelmoqda.

Oybek Qosimov rahbarlik qilgan yillarda sport sohasida qator tub islohotlar amalga oshirildi. Federatsiyalar va assotsiatsiyalar faoliyatini yangi yo‘nalishda yo‘lga qo‘yish, terma jamoalar zaxirasini shakllantirish, hududlarda iqtidorli yoshlarni izlab topish, seleksiya ishlarini takomillashtirish, murabbiylar tayyorlash va ayollar sportiga katta e’tibor qaratish jarayonlari tizimli ravishda yo‘lga qo‘yildi.
Buning samarasi uzoq kuttirmadi. Jumladan, sportchilarimiz 2014 yili Incheon shahrida o‘tgan Osiyo o‘yinlarida 9 oltin, 14 kumush va 22 bronza medali, 2018 yili Jakarta va Palembangda 21 oltin, 24 kumush va 25 bronza, “Xanchjou–2022” Osiyo o‘yinlarida esa 22 oltin, 18 kumush va 31 bronza medaliga sazovor bo‘ldi.
Olimpiya o‘yinlarida erishilgan natijalar esa o‘zbek sporti tarixida yangi sahifani ochdi. Xususan, “Rio-2016” Olimpiadasida 4 oltin, 2 kumush va 7 bronza, “Tokio-2020”da 3 oltin va 2 bronza, 2024 yilda Parij Olimpiadasida esa 8 oltin, 2 kumush va 3 bronza medalini qo‘lga kiritish orqali O‘zbekiston dunyo sportida munosib o‘rinni egalladi. Shuningdek, mazkur Olimpiya o‘yinlarida mamlakatimiz futboli tarixida ilk marotaba O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasi ishtirok etdi.

Shuningdek, joriy yilda O‘zbekiston terma jamoasi 2026 yilgi Jahon chempionatiga yo‘llanmani qo‘lga kiritib, xalqimizning 33 yillik orzusi amalga oshdi.
Shu bilan birga, mamlakatimizda yirik xalqaro musobaqalarni yuqori saviyada tashkil etish, milliy terma jamoalarning muntazam ravishda jahon va qit’a chempionatlari, xalqaro turnirlarda ishtirokini ta’minlash va ushbu musobaqalardagi ulkan muvaffaqiyatlarda ham Oybek Qosimovning hissasi katta.
Davlatimiz rahbari tomonidan yaratilgan keng imkoniyat va qo‘llab-quvvatlashdan samarali foydalangan holda, u sport sohasida yangi tizimni shakllantirishga erishdi. Bu esa o‘zbek sportchilari sharafini dunyo arenalarida yuksaltirishda muhim omil bo‘lib xizmat qilmoqda.
Javohir Toshxo‘jayev,
O‘zA