Қазақ
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek shaxmatining yuksalish dinamikasi dunyoga namoyish etildi
20:13 / 2025-11-27

Shaxmat bo‘yicha Jahon kubogini qo‘lga kiritib, O‘zbekiston yoshlarining intellektual salohiyati qanchalik yuqoriligini namoyish etgan Javohir Sindorov tantanali kutib olindi.

Mamlakatimizning ijtimoiy-siyosiy tizimida yangi O‘zbekiston tamoyilining keng joriy etilishi xalqimiz hayotiga intiluvchanlik, ishchanlik, orzumandlik tuyg‘ularini jo etdi.

Bu, o‘z navbatida, g‘ururimizni yuksaltiradigan muvaffaqiyatlar salmog‘ini yildan-yilga ortishiga sabab bo‘lmoqda. Ayniqsa, keyingi 5 yillik davomida sport sohasida qo‘lga kiritilgan natijalar, erishilgan g‘alabalar shu darajada ortdiki, bu mujdalar xalqimiz hayotida, Vatanimizning xalqaro maydondagi obro‘-e’tibori yuksalishida, salomatlik harakatining keng yoyilishida muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Bundan bir necha hafta muqaddam yurtimiz sportchilarining “Islom birdamligi” o‘yinlarida 57 ta davlat delegatsiyalari orasida hamda undan oldinroq Bahraynda o‘tkazilgan yoshlar o‘rtasidagi Osiyo o‘yinlarida umumjamoada 2-o‘rinni egallashi ortidan kuni kecha Hindistonda shaxmatchimiz Javohir Sindorovning Jahon kubogi sohibi bo‘lishi O‘zbekiston yoshlarining g‘oliblik qiyofasi nechog‘li yuksak ekanligini jahon ahliga yana bir karra yorqin namoyish etdi.

Hayotimizda muhim kunlar, sanalar ko‘p. Biroq Vatanimiz kelajagi yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlar, uning tamal toshi qo‘yilgan onlar barchasidan qadrli.

[gallery-26456]

Shu ma’noda, 2025 yilning 26 noyabri nafaqat sportimiz, balki yurtimizning ertangi taraqqiyoti yo‘lidagi eng esda qolarli kunlardan biri bo‘lib qolishi shubhasiz.

Aynan shu kuni O‘zbekistonda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan Prezident olimpiadasi o‘yinlari o‘tkazilishi rasman yo‘lga qo‘yilganligi e’lon qilingan bo‘lsa, ertamiz egalari yoshlarning intellektual salohiyati qanchalik yuqoriligini namoyish etgan Javohir Sindorov xitoylik Vey Ini 1,5 : 0,5 hisobida mag‘lub etib, jahon kubogini qo‘lga kiritdi.

Xalqaro shaxmat olamida katta shov-shuvga sabab bo‘lgan, FIDE tarixida eng yosh jahon kubogi sohibi sifatida e’tirof etilgan 19 yoshli Javohir Sindorov Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportida hukumat a’zolari, sportimiz mutasaddilari, keng jamoatchilik vakillari, shaxmat ishqibozlari ishtirokida tantanali kutib olindi.

Darhaqiqat, Javohir Sindorov dunyoning eng kuchli 206 nafar shaxmatchilari bilan murakkab va katta ruhiy bosimda kechgan nufuzli musobaqa bahslarida o‘ta qat’iyatli, sovuqqonlik bilan yuksak iroda va matonatini ko‘rsatdiki, har bir tur, har bir dona surish uni g‘alaba sari boshlab keldi.

Gao shahrida jahon kubogi g‘olibi Javohir Sindorovni rasmiy taqdirlash marosimida ishtirok etgan Xalqaro shaxmat federatsiyasi rahbarlari, Hindiston sport tashkilotlari mutasaddilari O‘zbek shaxmatining yuksalish dinamikasi haqida iliq fikrlarni bildirish asnosida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning yosh shaxmatchimizni va jahon kubogi ishtirokchilarini tabriklaganligi keng namoyish etilganligi e’tiborli voqelik bo‘ldi.

– Jahon kubogini qo‘lga kiritishim, shaxmat toji uchun kelgusi yili Kiprda bo‘ladigan Da’vogarlar turniri yo‘llanmasiga ega chiqqanligimdan xursandman. G‘alaba qozonganimdan so‘ng muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shaxsan telefon qilib tabriklaganligi va bu tabrik Hindistonda taqdirlash marosimida barchaga namoyish etilganligi hayotimdagi eng unutilmas voqea bo‘lib qoladi. Ushbu nufuzli musobaqaning Hindistonda o‘tganligi mening sport faoliyatimda alohida o‘rin tutadi. Boisi, birinchi marta 7 yoshimda ilk Osiyo chempionligiga Hind diyorida erishganman. Shundan so‘ng, 2022 yili Chennayda o‘tgan Butunjahon shaxmat olimpiadasida jamoamiz bilan g‘oliblikni qo‘lga kiritdik. O‘ylaymanki, yurtimiz sportining ulkan muvaffaqiyatlari hali oldinda. Butun kuch-quvvatim, bilimim bilan Vatanimiz shuhratini, uning obro‘-e’tiborini oshirishga harakat qilaman, – dedi kutib olish marosimida J. Sindorov.

Jahon ahliga O‘zbek shaxmatining ruhiy quvvatini, mamlakatimiz yoshlarining tafakkuri nechog‘li yuksakligini ko‘rsatgan shaxmatchilarimizni kutib olish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Javohir Sindorovga “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” faxriy unvonini berish to‘g‘risidagi farmoni o‘qib eshittirildi.

Kutib olish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.Aripov ishtirok etdi.

To‘lqin RO‘ZIEV, O‘zA muxbiri