Chinese
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
“O‘zbek shaxmatining oltin avlodi” kitobi taqdimot qilindi
11:31 / 2022-09-26

Poytaxtimizdagi “Kitob olami” majmuasida taniqli publitsist Husan Karvonlining “O‘zbek shaxmatining oltin avlodi” kitobi taqdimoti o‘tkazildi.

Taqdimot avvalida Shaxmat federatsiyasi rahbariyati tomonidan joriy yil 14-24 sentyabr kunlari Polsha poytaxti Varshava shahrida eshitishida nuqsoni bor sportchilar o‘rtasida Jahon chempionatida mamlakatimiz sha’nini munosib himoya qilgan shaxmatchilar taqdirlandi.

Tadbirning badiiy qismida Yoshlar ishlari agentligi direktori, Shaxmat federatsiyasi raisi Alisher Sa’dullayev, yozuvchi va yurist Komil Sindorov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Asror Mo‘min va boshqalar yangi chop etilgan kitob haqida to‘xtaldi. Kitobning yuzaga kelish tarixi haqida qisqacha so‘zlab berdi. 

[gallery-8914]

– Sport yulduzlarini sport jurnalistlari yuzaga chiqaradi, – deydi publitsist Asror Mo‘min. – Husan ana shu ishni uddaladi. U o‘z faoliyati davomida shaxmatchilarning har bir qadamini, yarq etgan yutug‘ini ommaga e’lon qilib kelmoqda. Shaxmatni yuzaki biladigan jurnalistlar ko‘p, ammo uni nazariy jihatdan biladigan jurnalistlar kam. Bu kitob sport jurnalistikasiga kirib kelayotgan yoshlar uchun ham qo‘llanma bo‘ladi. Shaxmatda g‘alaba qozonish qiyin emas, ammo uni saqlab turish qiyin ish. Yosh shaxmatchilarga g‘oliblikni uzoq saqlab qolishlarini tilab qolaman. 

Kitob “Akademnashr” nashriyotida 2000 ming nusxada Abdulla Sharopov muharrirligida chop etilgan. unda Nodirbek Abdusattorov, Nodirbek Yaqubboyev, Javohir Sindorov, Shamsiddin Vohidovlarning tarjimai holi, suratlari, muvaffaqiyatli o‘yinlari sharhlari berilgan. Kitobga mohir fotograf Alimurod Madaminov olgan fotosuratlar va Asror Mo‘minning she’ri va maqolasi ham kiritilgan. 

– Kitobni yozishdan ham chop etish mashaqqati ustunroq bo‘ldi, – deydi Husan Karvonli. – Mana shu kitobning chiqishiga tish-tirnog‘i bilan qarshilar bo‘ldi. Oradan ko‘p o‘tmasdan shaxmat federatsiyasida o‘zgarishlar bo‘ldi. Federatsiya raisi Alisher Sa’dullayev bilan kitobning chop etilishi yuzasidan amaliy maslahat so‘ragan edim, kitobga homiylik qilish taklifini bildirdi. Kitob chop etilishida yaqindan yordam berganlarga minnatdorchiligimni bildiraman. Hali yozadigan narsalarim juda ko‘p. Shaxmatchi yoshlarimiz va o‘zbek shaxmatining oltin avlodlari haqida hali yozishga arzirli narsalar ham talay.

Taqdimot so‘ngida ishtirokchilarga muallif dastxati tushirilgan kitob topshirildi. Shaxmat ixlosmandlari chempionatdan dastxat olishga, ular bilan suratga tushishga muyassar bo‘ldi. 

 

D.Mamatova, 
O‘zA