Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek san’atkorlari Ozarbayjon davlat mukofotlari bilan taqdirlandi
11:51 / 2023-08-03

Ozarbayjonning Boku shahrida “O‘zbekiston madaniyat kunlari” qizg‘in davom etmoqda. Tadbirlar doirasida O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov va Ozarbayjon Respublikasi madaniyat vaziri Adil Kerimli o‘rtasida bo‘lib o‘tgan uchrashuvda ikki tomonlama madaniy hamkorlikni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi.

Ta’kidlash joizki, O‘zbekistondan borgan madaniyat namoyandalari va san’atkorlarning chiqishlari jamoatchilik tomonidan olqishlar bilan qarshi olinmoqda. Xususan, Haydar Aliyev nomidagi konsert saroyida O‘zbekiston davlat simfonik orkestri ishtirokida bo‘lib o‘tgan konsert dasturi ozarbayjonliklar xotirasida uzoq vaqt saqlanib qolsa, ajab emas.    

Tadbirlar doirasida bir guruh o‘zbekistonlik san’atkorlar Ozarbayjonning yuksak davlat mukofotlari bilan taqdirlandi va mukofotlar tantanali topshirildi.  

Xususan, O‘zbekiston xalq artisti Nasiba Abdullayeva “Ozarbayjon xalq artisti” unvoni bilan, O‘zbekiston xalq artisti Abduhoshim Ismoilov va O‘zbek davlat simfonik orkestri bosh dirijyori, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Kamoliddin O‘rinboyev “Do‘stlik” ordeni bilan mukofotlandi.  

Shuningdek, “Madaniyat  kunlari” tadbirlari dasturidan Muqumiy nomidagi davlat akademik musiqali teatr jamoasi tomonidan Abdulla Qodiriyning asari asosida tayyorlangan “O‘tkan kunlar”  va  Ozarbayjon dramaturgi Majid Shamxalov asari asosida  tayyorlangan “Qaynona” spektakllari namoyishi ham o‘rin olgan.  

Tadbirlarda Ozarbayjon jamoatchiligining faol ishtiroki O‘zbekiston madaniyatiga, san’ati va adabiyotiga katta qiziqish va ehtiromni ifoda etmoqda. Buning zamirida asrlar davomidagi tarixiy yaqinlik va madaniy bog‘liqlik aks etadi.    

Eng muhimi, Bokudagi “O‘zbekiston madaniyat kunlari” xalqlarimiz o‘rtasidagi uzoq yillik madaniy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqishga va o‘zaro mushtaraklikni yanada mustahkamlashga xizmat qilmoqda.  

 

Shuhrat Orif,  

Boku shahri