Vatanimiz tarixidagi 10 aprel sanasi bilan bog‘liq ayrim voqealar bayoni.
1370 yil (bundan 655 yil oldin) – amir Husayn qarorgohi – Balx shahri Amir Temurga taslim bo‘ldi. Jome masjidi minorasiga yashirinib olgan amir Husayn qo‘lga olindi. Bu g‘alabadan so‘ng Amir Temur Movarounnahrning chingiziylardan bo‘lgan hukmdori Qozonxonning qizi Saroymulk xonimni o‘z nikohiga oldi. Shu munosabat bilan Amir Temur “ko‘ragon”, ya’ni “xonning kuyovi” unvonini oldi.
1580 yil (bundan 445 yil oldin) – Buxoro xoni Abdullaxon ibn Iskandarxon Mirzacho‘lda bo‘lib turgan vaqtda shu yerda sardoba va karvonsaroy kurishga farmon berdi. Mazkur sardoba haqidagi ilk ma’lumotlar Hofiz Tanish Buxoriyning “Abdullanoma” va Muhammad Tolibning “Matlab ut-tolibin” asarlarida uchraydi. Unda yozilishicha, “Yog‘ochli sardoba” nomini olgan ushbu inshoot Buxoro xoni Abdullaxonning Toshkentga yurishi davrida barpo etilgan. Abdullaxon yurish chog‘ida shu hududda hordiq chiqarish uchun to‘xtab, suvsizlikdan qiynalgan askarlari uchun sardoba va karvonsaroy qurishni buyuradi.
Ma’lumot o‘rnida qayd etish joizki, “Yog‘ochli sardoba” yomg‘ir va qor suvlari bilan to‘ldirilgan. Shu sababli u soylikda joylashgan, ushbu holat unga tevarak-atrofdagi suvlarni yig‘ish imkonini bergan. Yon-atrofdagi suvlar irmoqchalar yordamida sardobaga quyilgan. Sardobaga suvning kirishi uchun maxsus yassi tarnovlar o‘rnatilgan bo‘lib, ular bir-birlari bilan halqasimon tarnov orqali bog‘langan. “Yog‘ochli sardoba” Toshkent – Samarqand – Buxoro shaharlarini bog‘lovchi M-39 avtomobil yo‘lining chetida joylashgan. “Yog‘ochli sardoba” Mirzacho‘lda saqlangan uchta shu toifadagi inshootlardan biridir.
1889 yil (bundan 136 yil oldin) – Amudaryo bo‘limi boshlig‘i taklifiga binoan Xiva xonligi valiah shahzodasi Asfandiyor va Bosh vazir Ibrohimxo‘ja Petro-Aleksandrovsk (To‘rtko‘l)ga bordi. Xivalik mehmonlarga eng so‘nggi telefon apparati ko‘rsatilib, ularni generalning uyi bilan devonxonasi o‘rtasida o‘rnatilgan telefon orqali so‘zlashtiradilar. Mazkur ixtiro Xivaliklarni qiziqtirib qo‘yadi. Ular safardan qaytishlari bilan bu yangilik haqida Muhammad Rahimxon II ga xabar beradilar.
1894 yil (bundan 131 yil oldin) – o‘zbek milliy adabiyotining yirik namoyandalaridan biri, buyuk romannavis Abdulla Qodiriy tavallud topdi (vafoti 1938 yil). Abdulla Qodiriy 1926 yilga oid xasbi holida o‘zining qaysi oyda tug‘ilganini bilmasligini aytish bilan birga, yaqinlarining aytishicha, “mustabid Nekolay”ning taxtga o‘tirgan yilida tug‘ilgani haqida ma’lumot bergan. “Mustabid Nekolay” taxtga o‘tirgan sana esa 1894 yil edi. Shuning uchun ham adabiy jamoatchilik shu yylni ulug‘ adibning tavallud sanasi sifatida belgilab olgan.
Adibning to‘ng‘ich farzandi Habibulla Qodiriyning xotirlashiga ko‘ra, u otasidan “Qaysi oy-kunda tug‘ilgansiz?” deb so‘raganida, otasi kulib, “O‘rik gulida tug‘ilganman. Taxminan 10 aprelda bo‘lsa kerak”, degan ekan. Ana shu ikki ma’lumot asosida o‘zbek xalqi, Abdulla Qodiriy ijodi muxlislari har yili 10 aprelda adibning ramziy sag‘anasini ziyorat etib, uning xotirasini e’zozlab keladi.
1915 yil (bundan 110 yil oldin) – mablag‘ yetishmaganidan “Sadoi Turkiston” gazetasining 66-soni chiqarilib, shu bilan mazkur gazetaning faoliyati to‘xtatib qo‘yildi. Arxiv ma’lumotlariga ko‘ra, keyinchalik Ubaydulla Xo‘jayev gazetani yana chiqarishga uringan, biroq hukumatdan rasmiy ruxsat ololmagan.
1996 yil (bundan 29 yil oldin) – Amir Temur hayoti va faoliyatini, temuriiylar davrining g‘oyat boy ma’naviy qadriyatlarini ko‘p yil samarali ilmiy tadqiq etganligi, shuningdek, Fransiya bilan O‘zbekistoi xalqlarining madaniyatlarini bir biriga yaqinlashtirish va ularniig hamjihatligi ishiga shaxsan hissa qo‘shganligi uchun Fransiyaning taniqli olimi, professor Lyusen Keren “Shuhrat” medali bilan mukofotlandi.
1998 yil (bundan 27 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Idoralararo axborot-kompyuter tarmog‘ini tashkil etish to‘g‘risida” gi qarori qabul qilindi.
1999 yil (bundan 26 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekistonda kurash bo‘yicha birinchi jahon chempionatini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
2017 yil (bundan 8 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashini shakllantirish to‘g‘risida”gi farmoni qabul qilindi.
2019 yil (bundan 6 yil oldin) – umume’tirof etilgan xalqaro talablar va standartlarga muvofiq oliy ma’lumotli yuqori malakali kadrlar tayyorlashni tashkil etish, innovatsion muhitni shakllantirish, xorijiy mamlakatlarning yetakchi oliy ta’lim muassasalari bilan uzoq muddatli munosabatlarni yanada rivojlantirish maqsadida O‘zbekistondagi Sharda universiteti tashkil etildi.
2020 yil (bundan 5 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasining “O‘zbek tili bayrami kunini belgilash to‘g‘risida”gi Qonuni qabul qilindi. Qonunga binoan 21 oktyabr O‘zbek tili bayrami kuni etib belgilandi.
2023 yil (bundan 2 yil oldin) – O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Tashabbusli byudjetlashtirish amaliyotini yanada takomillashtirish hamda faol mahallalarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Alisher EGAMBERDIEV tayyorladi, O‘zA