English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek qizining Yevropa va ittifoqni larzaga solgan she’ri va uning ortidan yopilgan maktablar 
18:00 / 2022-05-17

Bundan qariyb 100 yil avval yosh o‘zbek qizi Matluba Muhammedova tomonidan yozilgan she’r SSSR chegaralaridan chiqib, Yevropa matbuotigacha yetib borgan va butun ittifoqni larzaga solgandi.

Isyonkorlik, hurlik va ozodlikka tashnalik ruhida yozilgan mazkur misralar o‘z davrida butun Ovro‘pani uyg‘otib yuboradi va qayta-qayta chop etiladi. Manbalarga ko‘ra, she’rning dovrug‘i ortidan ittifoq mulozimlari sarosimaga tushgan va zudlik bilan Moskvadagi o‘zbek maktablarini yopganlar. Quyida Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi katta ilmiy xodimi Bahrom IRZAEV she’r tarixi va uning muallifi Matluba Muhammad Xonimning achchiq o‘tmishi haqida hikoya qiladi. 

JADIDCHINING QIZI 

Matluba Muhammad Xonim asli toshkentlik muallim Nurmuhammad Dadamuhammedov xonadonida dunyoga keldi. Nurmuhammad Dadamuhammedov taqdir taqozosi bilan Marg‘ilonga borib, jadid maktabini ochadi va bolalarga xat-savod, ilm-fan sirlarini o‘rgata boshlaydi. Uning turmush o‘rtog‘i Marhamatxonim ham savodxon, oqila ayollardan edi. Ilk savodni uyida o‘zlashtirgan Matluba jadid maktabining eng oldi o‘quvchilari bo‘lib ta’lim oldi. 1926 yilgacha Qo‘qon bilim yurtida o‘qidi. 1927 yil o‘qishini Toshkentdagi ayollar bilim yurtiga ko‘chirib, so‘ng opasining izidan Moskva shahriga o‘qishga yo‘l oldi. U yerda Moskvadagi o‘zbek maorif institutiga o‘qishga kirdi. 

SHUHRAT ORTIDAGI SHE’RIYAT

Matluba Muhammad Xonim Moskvada mashhur shoir Cho‘lpon, Botu, Shokir Sulaymonlardan she’riyat sirlarini o‘rgandi. Shokirjon Rahimiy, Qayum Ramazon, Abdulhay Tojiyevlar muloqotidan bahramand bo‘ldi. U o‘zbek talabalarining ma’rifiy kechalarida Cho‘lponning vatanparvarlik mavzusidagi otashin she’rlarini o‘qib, o‘zi ham shu mavzuda she’rlar yozib, juda mashhur bo‘lib ketadi. Uning bu shuhrati SSSR chegaralaridan chiqib, Yevropa matbuotigacha borib yetdi. Bu haqda Berlinda tahsil olgan o‘zbek talabasi Sattor Jabbor 1929 yil yozgan «Kurtulish yo‘lunda» asarida shunday yozgan: “... Yoshlarning Cho‘lpon ta’sirida ekanligini va Moskva tarbiyasining muvaffaqiyatsizligini 17 yoshli yosh kommunist Matluba Muhammad xonimning shu she’rindan o‘qib bilamiz». 

XALQIMGA!

Mudom Chorning qo‘l ostida ko‘p ezilgan Millatim!

Ozodlik yo‘linda vayron bo‘lgan Millatim!

Chor bilan qonli urushda yiqqan Millatim!

Chor o‘rniga boshqa zulmlar kelgani chog‘da,

Nega sen qo‘zg‘olmaysan Millatim?!

Qo‘zg‘ol, hozir, marhamatsiz qo‘l ostida ezilma!

Qoningni zahar qilib soch! Bosh ko‘tar Millatim!

Rusiyadan surulib kelgan chet ruslar

Qachongacha bizni ezar, MILLATIM?!

Matluba Muhammad Xonimning bu go‘zal she’ri Ovro‘poda qayta-qayta bosildi… Bu voqea sovet davlatini shu qadar "qizdirdi"-ki, bir necha hafta o‘tib, Moskvadagi o‘zbek o‘rta maktabi yopildi. Darhaqiqat, uning bu ishi komsomol tomonidan ko‘rilib, millatchilik deb baholandi va uni o‘qishdan haydashadi. Hatto, Moskvada «Komsomolskaya pravda» gazetasida unga qarshi maxsus maqola chop etildi. Ko‘p o‘tmay, Matluba ariza yozib, o‘ziga qo‘yilgan ayblarning tuhmat ekanligini isbotlab, o‘qishiga tiklanadi. Bunga bir tomondan O‘zbekiston hukumatining aralashuvi, ikkinchi tomondan Matlubaning Italiya elchixonasiga fuqarolik so‘rab murojaat etishi ham sabab bo‘lgan edi… Sovet hukumati o‘zbek maorif institutini yopib muammoga yechim topgan bo‘ladi.

HUKM

1929 yil o‘zbek talabalarining yetakchisi Said Ahmad Nazirov Matlubani Leningrad arxitektura instituti talabasi bo‘lgan do‘sti Vosiq Muhammedov bilan tanishtiradi va ular oila quradi. Vosiq Muhammedov (1905-1938) o‘z vaqtida Munavvar qorining «Namuna» maktabi iftixori, Fitratning «Chig‘atoy gurungi» ishtirokchisi, «Ko‘mak» uyushmasining faollaridan bo‘lgan. Darhaqiqat, u o‘z zamonasining tengsiz yigitlaridan edi. Ularining eng shirin damlariga  Stalin boshliq totalitar tuzum o‘zining jirkanch panjasini soldi. 1937 yil 17 dekabr kuni qamoqqa olingan Vosiq Muhammedov 1938 yil 5 oktyabr kuni otib tashlandi...

TAHQIR, SURGUN VA OQLOV...

Erining ortidan Toshkent tibbiyot institutining 3-bosqich talabasi Matluba Muhammedova ham qamoqqa olindi. U ilk so‘roqda  turmush o‘rtog‘ining davlat va xalqning oldida hech qanday aybi yo‘qligini baralla ayta oldi. Ammo shunga qaramay, u Toshkent viloyat sudi tomonidan 10 yil qamoq jazosiga hukm etildi. Matluba Muhammedova nohaq jazoni sovuq Sibirning Usolskiy lagerida o‘tadi. Chidab bo‘lmas darajadagi og‘ir mehnat sharoitida tahqir va azoblar ostida mehnat qildi. 1940 yil 26 fevralda Matluba Muhammedovaning arizasi qayta ko‘rilib, oqlanishga erishadi. Vatanga qaytgach, urush yillarida Tibbiyot institutini tugatdi. So‘ng Arxitektura institutida o‘qiyotgan paytidayoq qamalib ketgan ukasi Fathulla Vorkutadagi qamoqxonadan og‘ir ahvolda qaytadi. Matluba ukasi uchun Namanganga borib yashab, uni davoladi. Faqat Stalin vafotidan so‘nggina ular Toshkentga qaytib keladilar. Matluba Muhammedova ko‘p yillar xalqning sihat-salomatligi yo‘lida halol mehnat qilib, el-yurt hurmatiga sazovor bo‘ldi. Bir paytlar Vatan ishqida, istiqlol orzusida otashin she’rlar bitgan ayol O‘zbekistonning mustaqillikka erishganini o‘z ko‘zlari bilan ko‘rdi. Jiyanlarining xotirlashicha, millat hurligi, mamlakat mustaqilligi e’lon qilingan kunlarda u cheksiz quvonch yoshlarini to‘kkan ekan. Matluba Muhammedova 1998 yili Toshkent shahrida olamdan o‘tdi.Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, Matluba xonimning opasi Mahbuba Muhammad xonim ham o‘z davrining eng ilg‘or, ilmli qizlaridan bo‘lgan. Kelgusi maqolalarimizda uning taqdir yo‘li haqida hikoya qilamiz.

O‘zA muxbiri Maftuna KARIMOVA tayyorladi.