French
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek – qirg‘iz – tojik do‘stligi: qalbda chegara bo‘lmaydi
14:57 / 2021-09-06

Tinchlik-totuvlik hukm surayotgan va bayramlar bayramlarga ulanayotgan yurtimizda eng ulug‘, eng aziz ayyom – O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 30 yilligi tantanalari davom etmoqda.

Namangan viloyati Uchqo‘rg‘on tumanidagi chegara hudud Sohil mahallasida ko‘pmillatli Namangan viloyatining “Uch avlod uchrashuvi” do‘st va birodar qo‘shni mamlakatlar vakillari ishtirokida o‘tdi.

O‘zaro totuvlikda hayot kechirayotgan turli millat va elatlar vakillari, milliy-madaniy markazlar rahbarlari hamda faollari jam bo‘lgan “Uch avlod uchrashuvi” qo‘shni Qirg‘iziston Respublikasining Jalolobod va Tojikiston Respublikasining So‘g‘d viloyatlaridan tashrif buyurgan ko‘p sonli mehmonlar ishtirokida chin ma’noda, do‘stona tantanavor bayram tusiga kirdi.

Qariyb uch million aholi istiqomat qiladigan Namangan viloyatida bugungi kunda 400 mingga yaqin yigirmadan ortiq millat va elatga mansub fuqarolar yashaydi. Qardosh xalqlar vakillariga o‘z ona tilida ta’lim olishi uchun barcha sharoitlar yaratilgan. Viloyatda 46 mingdan ziyod o‘quvchini qamragan tojik, qirg‘iz va rus tillarida ta’lim beruvchi 82 ta umumta’lim maktabi faoliyat olib bormoqda. Bundan tashqari, 4 ta milliy-madaniy markaz, jumladan, tojik va qirg‘iz milliy-madaniy markazlari faoliyat yuritadi. Namangan shahrida barpo etilgan “Do‘stlik uyi”da joylashgan ushbu markazlar turli millat vakillarining milliy-madaniy ehtiyojlarini qondirishga xizmat qilmoqda. “Uch avlod uchrashuvi” esa millatlararo totuvlik, og‘a-inilik rishtalarini mustahkamladi. Avlodlar o‘rtasidagi yana bir o‘ziga xos ko‘prik bo‘ldi.

Tadbir o‘tkaziladigan joyda milliy hunarmandchilik mahsulotlari hamda viloyatda ishlab chiqarilayotgan sanoat va qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ko‘rgazmalari tashkil etildi. "O‘zbekiston umumiy uyimiz" ezgu shiori ostida Namanganda faoliyat olib borayotgan milliy madaniy markazlar, folklor jamoalari o‘z chiqishlarini namoyish qildi. Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan beshta  muhim tashabbus ijrosi doirasida qilingan ishlar aks etgan ko‘rgazma va chiqishlar havola etildi. Turli tillarda yangragan kuy-qo‘shiqlar, lapar va o‘lanlar yig‘ilganlarga bayram kayfiyatini ulashdi.

Tantanali tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining maslahatchisi, Oliy Majlis Senati a’zosi Tursunxon Xudoyberganov, Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazzoqov, Qirg‘iziston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Ibrohim Junusov, Tojikiston Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Abdujabbor Rahmonzoda va boshqalar o‘z so‘zida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlari, ayniqsa, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining puxta o‘ylangan oqilona siyosati natijasida tili va dili bir, bitta ariqdan suv ichadigan ko‘pmillatli yaqin qo‘shni davlatlar bilan ancha yillardan beri uzilib qolgan do‘stlik va hamkorlik rishtalari qayta tiklangani, chegaralar ochilgani, o‘zaro bordi-keldi aloqalariga keng yo‘l ochilgani, xalqlarimizning birligi va jipsligi yanada kuchayib, barcha elu elat vakillarining o‘ziga xos madaniyati, urf-odatlariga hurmat va e’tibor oshayotganligini ulkan tarixiy voqelik sifatida alohida e’tirof etdi.

Darhaqiqat, so‘nggi yillarda Prezidentimizning siyosiy irodasi bilan qo‘shni davlatlar bilan munosabatlarimizda yillar davomida yig‘ilib qolgan muammolar hal etildi. Chegaralar ochilgani tufayli qo‘ni-qo‘shnisi bilan, aka ukasi, ota bolasi, qarindosh o‘z yaqinlari bilan uzilib qolgan aloqalarni tiklab, bir mamlakatdan ikkinchi davlatga bemalol, emin-erkin borib kela boshladi.

[gallery-3777]

Xususan, Namangan viloyatida davlatimiz rahbari ko‘rsatmasi bilan uch qo‘shni davlatning uch qo‘shni viloyati to‘g‘ridan to‘g‘ri hamkorlikni rivojlantirishiga tamal toshi qo‘yildi. Uch tomonlama do‘stlik va biznes forumlari, yirik anjumanlar o‘tkazildiki, unda nafaqat viloyatlar, balki o‘nlab shahar va tumanlar ham to‘g‘ridan to‘g‘ri aloqalarni yo‘lga qo‘yib, hamkorlik bo‘yicha kelishuvlar imzolandi. Jumladan, Olabuqalik mehmonlarimiz Kosonsoy va Chust tumani bilan, Novkentlik qo‘shnilarimiz esa Uchqo‘rg‘on tumani bilan, Axsilik do‘stlarimiz Yangiqo‘rg‘on va Chortoq tumanlari bilan hamkorlikda ish olib bormoqda. Pop tumanida Qirg‘izistonning Chotqol va Tojikistonning So‘g‘d viloyati Asht tumani bilan barcha jabhalarda hamkorlik yangi bosqichga olib chiqilmoqda.

Mamlakatimiz rahbarining tashabbusi bilan O‘zbekistonda 30 iyul – “Xalqlar do‘stligi kuni” deb belgilangani esa bu boradagi sa’y-harakatlarni yanada yuqori cho‘qqiga ko‘tardi. Mamlakatimizda ilk bor nishonlangan ushbu sana yurtimizda tinch-totuv istiqomat qilayotgan 130 dan ortiq millat va elat vakillarining chinakam bayramiga aylandi.

Zero, ko‘p millatli mintaqamizda turli xalqlar, madaniyat va dinlar vakillari do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarida yonma-yon yashab kelgan. Markaziy Osiyo – ulkan imkoniyat va resurslarga ega bo‘lgan mintaqa. Biroq  bizning eng katta boyligimiz – turli millat va elatlar o‘rtasidagi tinchlik va barqarorlik, o‘zaro hurmat va hamjihatlikdir.

– Uchqo‘rg‘ondagi “Uch avlod uchrashuvi”dan hayratlandik. Biz jondan inoq qo‘shnilarimiz bilan yana avvalgiday bir dasturxon atrofida shodu xurramlikda bugungiday o‘tirib, tantanalarni birgalikda nishonlanayotganimizdan xursandmiz. Tadbirni bu darajada yuqori saviyada o‘tkazilishini kutmagan edik. O‘zbekiston rahbarining tashabbusi bilan o‘tkazilayotgan ushbu bayram tadbiri uch do‘st va qardosh millatning uch avlodi uchrashuviga aylandi, – deydi Jalolobod viloyati gubernatorining birinchi o‘rinbosari Mamasoli Aqmatov. – Chindan ham, bir-biriga chambarchas bog‘langan, qarindoshlik rishtalari bilan mustahkamlangan, to‘y-marosimlari va urf-odatlari o‘xshash xalqlarimizning bu mushtarak xususiyati jamiyatlarimizda taraqqiyotga yetaklovchi avlodlar almashinuviga yo‘l ochadi. Haqiqatdan ham kattalarga hurmat, kichiklarga izzat g‘oyasi Markaziy Osiyo xalqlarida katta hayotiy ahamiyat kasb etadi.

Tantanali tadbirda o‘zining ko‘p yillik halol mehnati, fidoyiligi, vatanparvarligi, jonkuyarligi bilan alohida namuna ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi faxriysi, O‘zbekiston Qahramoni Xalchaxon Mirzayeva, Namangan viloyatining sobiq rahbarlari – Botirali Hakimov, Ikromxon Najmiddinov, Bahodir Yusupov, siyosat, fan, ta’lim, madaniyat, sport, tibbiyot, iqtisodiyot, tadbirkorlik sohalarida katta tashabbus va g‘oyalarni amalga oshirayotgan turli darajadagi davlat mukofotlari sohiblari Gulxumor Tog‘ayeva, Horunxon Ayubxonov, Nortoji Yusupova, Ziyoviddin Mansurov, Iroda Qo‘chqorova, Ibrohim Abdullayev, Anna Dobrыx, Abdusattor G‘ofurov, Mafiratxon Istamqulova, Ibrohim Yusupov, Abdurashid Boltaboyev kabi yurt fidoyilari e’tirof etildi. Zulfiya nomidagi davlat mukofoti sohiblari, yosh olima Manzura Abdullayeva va xushovoz qo‘shiqchi Olimaxon Tojiboyeva, shuningdek, ertangi kunning bo‘lajak rahbar kadrlari – “Kelajak liderlari” klubining iqtidorli faollari namuna sifatida ko‘rsatildi. Viloyatning keksa-nuroniylari, kayvoni katta avlod vakillarining bosib o‘tgan yo‘li yoshlarga doimo ibrat bo‘lishi ta’kidlandi.

“Uch avlod” uchrashuvida taniqli xonandalar va qo‘shni davlatlarning san’at ustalari ijrosidagi tantanali konsert dasturi namoyish etildi. Qo‘shni davlatlardan kelgan mehmonlar Namangan viloyatining diqqatga sazovor joylari – tarixiy qadamjolar va istiqlol yillarida barpo etilgan inshootlar bo‘ylab sayyohatda ham bo‘ldi.

 

Oqilxon Dadaboyev,  

Hotam Mamadaliyev (surat), O‘zA