Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek-qirg‘iz taraqqiyot jamg‘armasi ishga tushdi
14:51 / 2022-04-15

Bishkek shahrida O‘zbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasining Qirg‘iziston Respublikasiga tashrifi doirasida O‘zbek-qirg‘iz taraqqiyot jamg‘armasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda O‘zbekiston tomonidan Bosh vazir o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov, Qirg‘iziston tomonidan Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Aqilbek Japarov ishtirok etdi.

Jamg‘arma faoliyatining ustuvor vazifasi qishloq xo‘jaligi, sanoat, transport va logistika sohalarida qo‘shma korxonalar tashkil etishga qaratilgan investitsiya loyihalarini moliyalashtirishdir. Ushbu loyihalar amalga oshirilishi ikki mamlakat iqtisodiyotining raqobatbardosh ustun jihatlaridan foydalangan holda o‘zbek va qirg‘iz ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish va o‘zaro bog‘liq qo‘shilgan qiymat zanjirini yaratishga yordam beradi.

Jamg‘arma nafaqat o‘z mablag‘i hisobidan, balki boshqa tijorat manbalari – xalqaro moliya institutlari, tijorat banklari, investitsiya kompaniyalari va jamg‘armalarni jalb qilish orqali moliyalashtirish vositasi sifatida faoliyat yuritadi.
Agrosanoat majmuasi, to‘qimachilik, ishlab chiqarish, tog‘-kon va metallurgiya sanoati, transport, uy-joy qurilishi va energetika o‘zbek-qirg‘iz investitsiyaviy hamkorligining istiqbolli yo‘nalishlari hisoblanadi.

Ochilish marosimi ishtirokchilari yaqin kelajakda Jamg‘arma tomonidan moliyalashtirish uchun munosib loyiha tashabbuslari ro‘yxatini shakllantirish va kelishishga, rejalarlarni amalga oshirish bilan bog‘liqg bosqichma-bosqich mexanizmlar ishlab chiqishga, aniq muddat va mas’ul ijrochilarni belgilashga kelishib oldilar.

O‘zbek-qirg‘iz taraqqiyot jamg‘armasi O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iziston Respublikasi o‘rtasida iqtisodiy hamkorlikni mustahkamlash, ikki mamlakat iqtisodiyotini modernizatsiya qilish va rivojlantirish, shuningdek, o‘zaro manfaatli ustuvor investitsiya loyihalarini moliyalashtirish orqali mavjud imkoniyatlardan samarali foydalanish maqsadida tashkil etilgan. Tegishli bitim ikki ishtirokchi davlat tomonidan 2021 yil ratifikatsiya qilingan.

O‘zA