Andijon va Bishkek shaharlarida ikki qo‘shni davlat o‘rtasidagi chegaraviy ekologik va ijtimoiy-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan “O‘zaro hamkorlik orqali O‘zbekiston va Qirg‘izistonning chegara oldi hududlarini rivojlantirish” loyihasi rasmiy ochilishiga bag‘ishlangan kirish seminari bo‘lib o‘tdi.
Gibrid shaklda o‘tgan anjumanda Birlashgan Millatlar Tashkiloti agentliklari, xalqaro ekspertlar, Qirg‘iziston va O‘zbekistonning tegishli vazirlik, idoralari, chegara oldi hududlari mahalliy hokimliklari hamda fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirok etdi.
BMT Bosh kotibining Tinchlik qurish jamg‘armasi tomonidan moliyalashtiriladigan ushbu loyiha Oziq-ovqat va qishloq xo‘jaligi tashkiloti (FAO) va Aholishunoslik jamg‘armasi (UNFPA) bilan hamkorlikda amalga oshirilayotganini qayd etish joiz.
Qirg‘iziston va O‘zbekiston o‘rtasidagi chegaraning salmoqli qismi Farg‘ona vodiysi orqali o‘tadi. Ushbu mintaqa nafaqat aholi soni va tarkibi, balki qishloq xo‘jaligi ishlab chiqarish quvvati jihatidan ham har ikki davlat iqtisodiyoti uchun muhim ahamiyatga ega.
Shu ma’noda mahalliy savdo, iqlimga mos qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, innovatsion yondashuv, bandlik va iqtisodiyot sohasida transchegaraviy hamkorlikni kengaytirishga yo‘naltirilgan mazkur loyiha tinchlik o‘rnatish yo‘lida yanada barqaror natijaga erishishga xizmat qiladi.
Loyihani amalga oshirishda qishloq aholisi, ayniqsa, xotin-qizlar va yoshlarning manfaatdor kuch sifatidagi imkoniyatini kengaytirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Seminarda FAO bosh qarorgohi Favqulodda vaziyatlar va chidamlilik boshqarmasining Favqulodda vaziyatlar va reabilitatsiya bo‘yicha mutaxassisi Filipp Pristli loyihadan ko‘zlangan maqsad va belgilangan vazifalar haqida ma’lumot berdi.
Shuningdek, BMT Tinchlik qurish jamg‘armasi faoliyati, tinchlikni mustahkamlash jarayonida yoshlarning o‘rni haqidagi taqdimotlar namoyish qilindi.
Loyiha doirasida rejalashtirilgan tadbirlar muhokama qilindi, tinchlikni, o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha kelgusida amalga oshiriladigan birgalikdagi sa’y-harakatlar kelishib olindi.
B.Xudoyberdiyev, O‘zA