Abdulla Avloniy nomidagi ilmiy-tadqiqot instituti professori, siyosiy fanlar doktori Shukritdin Paxrutdinovning “Threat: theory and practice. Modern factors in the formation of a threat resistants society” (“Tahdid” tushunchasi: nazariya va amaliyot) nomli monografiyasi Yevropaning nufuzli nashrlar uyi (Latviya, Riga “Lap Lambert Academic Publishing”)da nashr etildi.
Mazkur adabiyot bugungi globallashuv sharoitida xalqaro, mintaqaviy va milliy xavfsizlikni ta’minlash, zamonaviy tahdidlar va ularning xususiyatlari hamda jamiyat barqarorligiga ta’siri masalalari tahliliga bag‘ishlangan.
Professor Sh.Paxrutdinov siyosiy fanlar bo‘yicha ilmiy kengashning raisi va Rossiya politologlar assotsiatsiyasi a’zosi. Bir qator monografiya, darslik va o‘quv qo‘llanmalar muallifi. Uning Angliya, Hindiston, Kanada, Ukraina va Rossiyada 300 dan ortiq ilmiy maqolalari chop etilgan.
- Davlatimizning dadil qadamlari, shaxdam rivojlanish yo‘liga tushib olganligi g‘arazli kimsalarning "paytavasiga qurt" tushirdi, - dedi professor Sh.Paxrutdinov. - G‘animlarning g‘arazli maqsadlariga erishmoqliklari uchun hech qanday ijtimoiy- siyosiy va tarixiy zamin yo‘q, albatta. Lekin bunday harakatlarga beparvo bo‘lish gohida noxush okibatlarga olib kelishi mumkin. Shu bois hushyorlik hozirgi kunning dolzarb vazifalaridan biridir.
O‘zA