Poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da kurash bo‘yicha o‘tkazilgan “O‘zbek polvoni” va “Prokuror polvoni” musobaqalarini mamlakatimiz hakamlari qatorida xorijlik mutaxassislar boshqarib borishdi.
2021 yildan beri an’anaviy tarzda o‘tkazib kelinayotgan mazkur musobaqalarning bu yilgi bellashuvlarini baholab borishda Xalqaro kurash instituti tashabbusi bilan yurtimizga kelgan 10 ta davlatning 16 nafar xalqaro toifadagi hakamlari ishtirok etdi.

“O‘zbek polvoni” bellashuvlarida hududlardagi davlat organlari, muassasalari va tashkilotlarida mehnat qilayotgan 200 nafar mahoratli kurashchilar 7 ta vazn toifasida g‘oliblik uchun kechgan bahslarda gilamga chiqdi.

Milliy sport turimiz kurashning jozibasi namoyish etilgan shiddatli bellashuvlarda o‘z vazn toifalarida Jahongirshoh G‘afforov, Otabek Nurmatov, Ruslan Begmatov, Jamshid To‘xtayev, Mehribonu Ahmadjonova, Robiyajon Qurbonova va Diyora Jo‘raboyeva g‘oliblik shohsupasiga ko‘tarildi.
Prokuratura xodimlari o‘rtasida tashkil etilgan "Prokuror polvoni" respublika musobaqasida o‘z vaqtida yakka kurash sport turlari, xususan kurash bilan shug‘ullanib, ichki va xalqaro musobaqalarda sovrindorlikka erishgan, bugungi kunda qonun ustuvorligini ta’minlashga xizmat qilayotgan 100 nafarga yaqin sobiq sportchilar 5 ta vazn toifasida g‘oliblikka da’vogarlik qilishdi.

O‘tkazilgan bellashuvlar sarhisobiga ko‘ra, Toshkent viloyati vakili Oybek Hayitmurodov, Qashqadaryo viloyati kurashchilari Suyarbek Ro‘ziyev va Jayxunbek Nazarov, Navoiy viloyati sharafini himoya qilgan Azizjon Boboqulov, surxondaryolik Uchqun Mamatrahimov hamda Ulug‘bek Ismoilov o‘z vaznlarida oltin medallarni qo‘lga kiritdi.
Bayramona o‘tgan musobaqalar yakunida g‘olib va sovrindorlar tegishli tartibda medal, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA