O‘zbekiston va Ozarbayjon Respublikasi o‘rtasidagi ijtimoiy-siyosiy, iqtisodiy, madaniy va diplomatik aloqalar rivojlanib bormoqda. Ikki mamlakat xalqlarini tarixiy rishtalar, adabiyot, fan, ta’lim, madaniyat va boshqa sohalardagi ko‘p jihatlar birlashtirib turadi.

Yaqinda Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisining Madaniyat masalalari qo‘mitasi raisi Ganira Pashayeva boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistonga tashrif buyurdi. G.Pashayeva dastlab Oliy Majlis Qonunchilik palatasida bo‘lib, Spiker o‘rinbosari A.Qodirov bilan uchrashdi. Muloqot avvalida mehmonga O‘zbekistonda olib borilayotgan ijtimoiy-siyosiy islohotlar mazmun-mohiyati, ularni amalga oshirishda parlamentning o‘rni haqida so‘zlab berildi.
Samimiy o‘tgan uchrashuvda tomonlar o‘zaro aloqalarni yanada rivojlantirish, parlamentlararo do‘stlik guruhlarining muntazam uchrashuvlarini tashkil etishga kelishib oldilar. Buyuk tarixiy ajdodlarimiz haqida hujjatli, badiiy filmlar yaratish uchun mamlakatlarimiz kinosanoati vakillari o‘rtasida maxsus ijodiy guruhlar tashkil etish maqsadga muvofiq ekanligini aytib o‘tdi.

Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi deputati Ganira Pashayeva boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekistondagi Haydar Aliyev nomidagi Ozarbayjon milliy madaniyat markazida ham bo‘ldilar. Haydar Aliyev haykali poyiga va vatan tuproqlari uchun shahid bo‘lgan ozarbayjonlik harbiylar xotirasiga guldastalar qo‘yildi.
Markazda Ozarbayjon va O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist, «Ozarbayjon qizlari» raqs ansambli rahbari, «Do‘stlik» ordeni sohibi Keykap Aliyevaning byusti ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, uning xotirasi yod olindi. Markaz direktori Samir Abbasov farmoni bilan raqs ansambliga Keykap Aliyeva nomi berildi.
M.Komilova, O‘zA