Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek oshpazi Dushanbedagi osh festivalida ikkinchi o‘rinni egalladi
16:03 / 2021-10-30

Bugun Tojikiston poytaxti Dushanbe shahrida Osh festivali bo‘lib o‘tdi. Festival Dushanbe shahrining Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligining 2021 yildagi madaniy poytaxti, deb e’lon qilinishi doirasida tashkil etildi.

Unda mamlakatning barcha viloyat va shaharlari hamda O‘zbekiston va Afg‘oniston davlatlaridan ham mohir oshpazlar ishtirok etishdi.

Festival doirasida yirik qozonda taxminan uch tonnalik osh damlandi. Buning uchun 800 kilo guruch, 170 litr yog‘, 270 kilo go‘sht, bir tonna to‘g‘ralgan sabzi, 150 kilo piyoz, 30 kilo tuz, 8 kilo zira, 8 kilo limon, 250 kilo bedana tuxmi, 8 kilo sirpiyoz, 8 kilo qazi, 8 kilo quritilgan go‘shtdan foydalanildi. Oshni tayyorlash jarayonida to‘rt nafar oshpaz ishtirok etdi.

Shuningdek, 50dan ortiq kichik qozonlarda ham oshning 15 turdan ziyodi tayyorlandi.

Festival yakunida «Eng yaxshi osh», «Eng yaxshi oshxo‘r» kabi bir necha nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlandi.

Taqdirlash marosimida Tojikiston Respublikasi Madaniyat vazirligi, Dushanbe shahri hokimligi rahbariyati va Dushanbe shahridagi xorijiy davlatlar elchixonalari vakillari ishtirok etishdi.

Hakamlar hay’atining xulosasiga ko‘ra, «Eng yaxshi oshxo‘r» nominatsiyasida Muhammad Hayoyev birinchi, Miyonmuhammad Qarayev ikkinchi va Rustam Darbeshiv uchinchi o‘rinlarni egallab, diplom va esdalik sovg‘alar bilan taqdirlandi.

Festivalning asosiy – «Eng yaxshi osh» nominatsiyasida Dushanbe shahridagi «Koxi Navro‘z» majmuasi oshxonasi oshpazi Navro‘z Xursandov tomonidan tayyorlangan osh birinchi o‘ringa loyiq, deb topildi. Oshpaz diplom, esdalik sovg‘a va 15 ming somoniy miqdoridagi pul mukofotiga sazovor bo‘ldi.

Faxrli ikkinchi o‘rin esa, o‘zbekistonlik oshpaz To‘lqin Jabborov tomonidan qo‘y  yog‘i va qo‘y go‘shtiga lazer guruchi bilan damlangan oshga loyiq ko‘rildi. Oshpaz diplom, esdalik sovg‘a va 13 ming somoniy miqdoridagi pul muokofti bilan taqdirlandi.

Uchinchi o‘ringa Dushanbe shahridagi «Sharaf» oshxonasi oshpazi Sharaf Mirzoyev tayyorlagan osh munosib, deb topilib, oshpaz diplom va 10 ming somoniy miqdoridagi mukofotni qo‘lga kiritdi.

Eslatib o‘tish lozimki, Markaziy Osiyo xalqlarining eng sevimli taomlaridan biri bo‘lgan osh 2016 yilda Tojikiston, O‘zbekiston va boshqa bir necha davlatlarning taklifiga binoan, YUNESKOning nomoddiy madaniy meroslari ro‘yxatiga kiritilgan.

 

Zuhriddin Umarov, «Xalq ovozi» gazetasi muxbiri.

Tojikistondan O‘zA uchun maxsus