Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek olimlari virusga qarshi yangi preparat yaratdi
12:22 / 2026-03-06

Gripp va o‘tkir respirator virusli infeksiyalar dunyo aholisining salomatligi uchun eng jiddiy xavflardan biri hisoblanadi. Har yili minglab insonlar virusli kasalliklar bilan kasallanadi. Ayniqsa, kuz va qish mavsumida bunday infeksiyalar tez tarqaladi.

O‘zbekistonda tibbiyot va farmatsevtika sohasida bu borada ilmiy izlanishlar olib borilmoqda. Shu yo‘nalishdagi muhim ilmiy ishlanmalardan biri O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Polimerlar kimyosi va fizikasi instituti olimlari tomonidan yaratilgan yangi virusga qarshi preparat hisoblanadi. Olimlar tomonidan ishlab chiqilgan “SelAgrip” preparati viruslarga qarshi faollikka ega bo‘lib, interferon induktori sifatida baholanmoqda.

“SelAgrip” preparati organizmga bevosita virusga qarshi ta’sir ko‘rsatishdan ko‘ra, inson immun tizimini faollashtirish orqali himoyani kuchaytiradi. Ya’ni, preparat organizmda interferonlar ishlab chiqarilishini rag‘batlantiradi. Interferonlar esa viruslarga qarshi tabiiy himoya vazifasini bajaruvchi muhim oqsillardan hisoblanadi.

Natijada organizm virus bilan kurashishga oldindan tayyor holatga keladi. Bu esa kasallikning og‘ir kechishini kamaytirish, organizmning qarshilik kuchini oshirish hamda infeksiyalarning rivojlanish ehtimolini pasaytirishga xizmat qiladi. Hozirgi kunda, “SelAgrip” dori vositasining barcha normativ-texnik hujjatlari loyihalari tayyorlangan.

Virusli kasalliklarning keng tarqalishi sharoitida profilaktika va immunitetni mustahkamlashga qaratilgan preparatlar alohida ahamiyatga ega. “SelAgrip” kabi interferon induktorlari organizmning tabiiy himoya tizimini faollashtirish orqali kasalliklarga qarshi kurashda samarali vosita bo‘lishi mumkin.

Bundan tashqari, bunday ilmiy ishlanmalar aholi salomatligini mustahkamlash hamda zamonaviy farmatsevtika mahsulotlarini yaratishda muhim o‘rin tutadi.

O‘zbekiston olimlari tomonidan yaratilgan “SelAgrip” preparati virusli infeksiyalarga qarshi kurashishda istiqbolli ilmiy ishlanmalardan biri sifatida baholanmoqda.

Ilmiy izlanishlar asosida yaratilayotgan bunday dori vositalari sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, aholi salomatligini himoya qilish va milliy ilm-fan salohiyatini namoyon etishda muhim qadam bo‘lib xizmat qiladi.

Dildora DO‘SMATOVA, O‘zA