Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek olimlari sho‘rlangan yerlar muammosini hal etishga qaratilgan muhim ilmiy ishlanma yaratdi
09:34 / 2026-02-09

Bugungi kunda tuproq sho‘rlanishi va degradatsiyasi qishloq xo‘jaligi rivojiga jiddiy to‘siq bo‘lib qolmoqda. Ayniqsa, qurg‘oqchil hududlarda tuproqning tabiiy unumdorligi pasayib, ekinlar hosildorligi keskin kamaymoqda. Mazkur muammolarni bartaraf etishda an’anaviy kimyoviy usullar bilan bir qatorda ekologik xavfsiz, ilmiy asoslangan biologik yondashuvlarga ehtiyoj ortib bormoqda.

Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti olimlari tomonidan sho‘rlangan va degradatsiyaga uchragan yerlar muammosini hal etishga qaratilgan muhim ilmiy ishlanma yaratildi. Institutda sho‘rga chidamli tuproq mikroorganizmlarining maxsus kolleksiyasi shakllantirildi. Ushbu kolleksiya sho‘rlangan tuproqlardan ajratib olingan, yuqori tuz konsentratsiyasiga moslashgan 30 dan ortiq mahalliy mikroorganizm shtammini o‘z ichiga oladi.

Mazkur mikroorganizmlar tuproq va o‘simlik o‘rtasidagi biologik muvozanatni tiklashda muhim ahamiyatga ega. Xususan, ular tuproqdagi azot, fosfor va kaliyning biologik aylanishini faollashtirib, o‘simliklar tomonidan ozuqa moddalarining o‘zlashtirilishini yaxshilaydi. Shuningdek, mikroorganizmlar ishlab chiqaradigan fitogormonlar o‘simlik ildiz tizimining rivojlanishini rag‘batlantiradi.

Sho‘rga chidamli mikroorganizmlar o‘simliklarning sho‘rlanish va qurg‘oqchilikka bardoshliligini oshirish bilan birga, tuproqning biologik faolligi hamda strukturasini tiklashga xizmat qiladi. Bu esa degradatsiyaga uchragan yerlarni bosqichma-bosqich qayta tiklash imkonini beradi.

Kolleksiya asosida ishlab chiqilayotgan bioo‘g‘itlar ekologik xavfsiz bo‘lib, kimyoviy o‘g‘itlardan foydalanish ehtiyojini kamaytirishga xizmat qiladi. Natijada tuproq salomatligi saqlanadi, atrof-muhitga salbiy ta’sir kamayadi va qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini barqaror yetishtirish uchun zamin yaratiladi.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, sho‘rga chidamli mikroorganizmlar kolleksiyasi degradatsiyaga uchragan yerlarni tiklash, tuproq sho‘rlanishini kamaytirish va hosildorlikni oshirishda muhim ilmiy-amaliy ahamiyatga ega. Ushbu ishlanma barqaror qishloq xo‘jaligini rivojlantirish hamda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash yo‘lidagi strategik ilmiy resurs sifatida baholanmoqda.

Bu yo‘nalishdagi ilmiy tadqiqotlarni qo‘llab-quvvatlash, ishlanmalarni amaliyotga keng joriy etish va bioo‘g‘itlardan samarali foydalanish nafaqat bugungi muammolarga yechim bo‘ladi, balki kelajak avlodlar uchun sog‘lom tuproq va barqaror agroekotizimni shakllantirishga xizmat qiladi.

 

M. Eshmirzayeva,

O‘zA