Prezidentimiz 2022 yil Oliy majlisga va xalqimizga yo‘llagan Murojaatnomasida 2023 yilda ilm-fan va innovatsiyalarga 1,8 trillion so‘m ajratilishini e’lon qildi. Endi olimlarimiz suv va energiyani tejash, tuproq unumdorligi va hosildorlik, chorvachilik, geologiya, sanoat, qurilish kabi dolzarb yo‘nalishlarda aniq natijalar ko‘rsatishlari kerak bo‘ladi.
Xo‘sh, ayni kungacha ularning natijalari qanday edi-yu bundan keyin qanday bo‘ladi? O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi qoshida faoliyat yurituvchi institutlar bu borada o‘z oldiga qo‘ygan vazifalarni uddalayaptimi?
«Yangi tashabbuslar» loyihasi doirasida O‘zA orqali akademik, olim hamda ilmiy xodimlar bilan shu haqda turkum suhbatlar e’lon qilib boryapmiz.
Bu galgi suhbatdoshimiz Mikrobiologiya instituti direktori, biologiya fanlari doktori, professor Qahramon Davronov.
— Mikrobiologiya institutida bugungi kunda qancha olimlar izlanish olib boryapti? Institutning asl vazifalari nimalardan iborat?
— Institutimiz 1965 yilda tashkil topgan bo‘lib, Toshkent shahri, Abdulla Qodiriy ko‘chasida joylashgan. Jamoamizda 1 ta akademik, 12 ta fan doktorlari, 28 ta fan nomzodi, 106 ta ilmiy xodim faoliyat olib boradi.
Faoliyatimiz juda keng. Shulardan ayrimlarini sanab o‘taman. Tadqiqotlarimizning asosiy yo‘nalishlari mikroorganizmlar dunyosi xilma-xilligini o‘rganish, chorvachilik uchun noyob ozuqa qo‘shimchalari va mikrobli biologik faol moddalar (ozuqa oqsillari, o‘sish regulyatorlari, veterinar preparatlar va boshqalar) ishlab chiqishdan iborat.
Bundan tashqari, o‘simliklar hosildorligini oshiruvchi, ularning o‘sishini stimulyatsiyalovchi, turli kasallik va zararkunanda hasharotlardan himoya qiluvchi, uzoq yillar davomida qo‘llanilgan kimyoviy o‘g‘itlar va zaharli kimyoviy moddalarning o‘simliklarga salbiy ta’sirini kamaytiruvchi ekologik toza bioo‘g‘itlarni ishlab chiqarish.
— Oxirgi yillarda institut tomonidan qanday yangiliklar joriy qilindi?
—Institutda respublikada yagona 2000 dan ortiq nopatogen mikroorganizmlar (bakteriyalar, aktinomitsetlar, mikroskopik zamburug‘lar, achitqilar) shtammlaridan iborat noyob kulturalar kolleksiyasi yaratilgan.
Biotexnologiya sohasida o‘simlik chiqindilaridan oqsil va vitamin tarkibiga ko‘ra balanslangan yem-xashak qo‘shimchalari tayyorlandi.
Yangi ajratilgan mikroorganizmlarning so‘nggi avlod antibiotiklariga sezuvchanligi aniqlandi, bu esa o‘z navbatida ularning ishtirokisiz chorvachilik uchun biopreparatlar yaratish istiqbolini ko‘rsatadi.
Qishloq xo‘jaligi va sanoatning turli chiqindilaridan foydalanilgan holda, zamburug‘larning faol ferment hosil qilishi va o‘sishi uchun ozuqa muhit tarkibi optimallashtirildi.
Qishloq xo‘jaligi miqyosida yaratilgan «Fitobiosol» – ekologik toza bioo‘g‘it urug‘ unuvchanligini oshiradi, tuproqni sog‘lomlashtiradi, hosildorlikni oshiradi, kimyoviy o‘g‘itlar ishlatilishini kamaytiradi.
Farmatsevtika uchun samarali biologik faol qo‘shimcha preparatlari ham ishlab chiqilgan. Sut achitqi mahsulotlari va biopreparatlarning mahalliy shtammlari asosidagi bifidobakteriyalar boshqa preparatlarga nisbatan samaralidir va ichaklar mikroflorasini tez tiklaydi va qisqa muddatlarda anaerob flora (bifido- va laktobakteriyalar)ni normallashtiradi, kasallik keltirib chiqaruvchi va shartli kasallik keltirib chiqaruvchi floraning o‘sishi va rivojlanishini susaytiradi, insonning immun tizimini oshiradi. «Laktopropolis» biologik faol qo‘shimchasi yarali va surunkali ovqat hazm qilish a’zolari kasalliklarini davolash uchun tavsiya qilingan.
— Tadqiqotlar qilish uchun ilmiy asboblar talabga javob beradimi?
— Hozirgi kun talabiga javob beradigan asbob uskunalar va reaktivlar xarid qilish va yangilash jarayonlari doimiy ravishda davom etmoqda. Jumladan, shu kunlarda institutda mikroorganizmlarni tez identifikatsiya qilish uchun ZyBio kompaniyasining EXS2600 Maldi-TOF uskunasi o‘rnatildi va ishga tushirildi.
— Oxirgi yillarda qaysi olimlar qanday tadqiqotlar qildi?
— Biologiya fanlari nomzodi Ahmadjon Maxsumxonov rahbarligida «O‘zbekistonda ilk marotaba sanoat miqyosida mikrob biokatalizi asosida mahsulot - akril kislotasi nitrilidan akrilamid olishning mikrob biotexnologiyasi» ishlab chiqildi.
Uni joriy etish ustida «Navoiyazot» AJ bilan hamkorlikda ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish harakatlari davom etmoqda.
Biologiya fanlari nomzodi Go‘zal Qutliyeva rahbarligida «Ichak yallig‘lanish kasalliklarining oldini olish va davolash uchun «ProbioKolit» biologik faol qo‘shimchasi tajriba sinov namunalarini (kapsula, sashe shaklida) ishlab chiqarishni tashkil etish bo‘yicha tijoratlashtirish loyihasi» bajarilmoqda.
Nodir va qimmatbaho metallarni eritmaga o‘tkazuvchi mikroorganizmlarni aniqlashning zamonaviy uslubiyatini yaratish bo‘yicha Navoiy kon metallurgiya kombinati bilan keng qamrovli hamkorlik bo‘yicha shartnoma tuzilgan.
— Qaysi xorijiy institutlar bilan hamkorlik qilasizlar? Natijalar qanday bo‘lyapti?
— Hamkorlik qilinayotgan ilmiy markazlar ko‘p, jumladan, Belarus Respublikasi Milliy Fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti bilan ilmiy xodimlar tajriba almashinuvi bo‘yicha safarlar uyushtirib turiladi, hozirgi kunda uchta amaliy loyiha hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
M.V. Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti, Qozon Milliy tadqiqot texnologik universiteti bilan hamkorlikni rivojlantirish ustida ishlar davom etmoqda.
Nigora Rahmonova suhbatlashdi, O‘zA