Toshkent axborot texnologiyalari universiteti professori Muhammadiyeva Dildora Qobulovna boshchiligidagi ilmiy jamoa ko‘krak bezi saratonini erta bosqichda, hatto klinik belgilar paydo bo‘lishidan oldin aniqlay oladigan sun’iy intellektga asoslangan dastur ishlab chiqdi.
Ushbu ilg‘or tizim mikrokalsinatlar va boshqa xatarli o‘zgarishlarni rentgen tasvirlarida aniqlash orqali kasallikni erta bosqichda tashxislash imkonini beradi. Tajribaviy bosqichda dastur 3000 bemorning tasvirlarini to‘g‘ri tahlil qilib, 96 foizlik aniqlik bilan samarali ishladi.
Dastur real vaqt rejimida masofaviy tasvirlarni qayta ishlash imkoniga ega bo‘lib, bu esa uni amaliy tibbiyotda keng tatbiq etish imkonini yaratadi. Shuningdek, tizimda kasallikning tarqalish bosqichiga qarab tashxis natijalarini rangli shkalalar asosida ifodalash imkoniyati mavjud: yashil – xavf yo‘qligi, ko‘k – kuzatuv kerakligi, qizil – zudlik bilan tekshiruv va muolaja zarurligini bildiradi.
Dastur asosiy rentgenologik belgilar – mikrokalsinatlar, ularning zichligi, shakli va klasterli joylashuvini aniqlashda samarali ishlaydi. Bundan tashqari, sun’iy intellekt konturlari notekis, ignasimon shakldagi, zichligi yuqori bo‘lgan shishlarni ham aniq ajratib bera oladi.
Professorning ta’kidlashicha, ushbu loyiha xalqaro tajribalarni hisobga olgan holda ishlab chiqilgan bo‘lib, sun’iy intellekt yordamida masofadan turib, yuqori aniqlikda tashxis qo‘yishga qodir milliy platforma yaratildi.
Loyihani yanada takomillashtirish ishlari davom etmoqda. Tasvirlar soni ortgani sari tizimning ishlash tezligi va aniqligi ham oshib bormoqda.
Hamroz Bayanov, O‘zA