Yangi nashrlar
Buyuk Navoiyni jahonga tanitish uchun hali juda-juda ko‘p ish qilinishi ‒ kerak. Buning uchun uning asarlari ko‘p-ko‘p tillarga tarjima qilinishi, xorijiy yurtlarda navoiyshunoslik rivojlanishi, o‘zimizning navoiyshunoslarimiz sara-sara tadqiqotlarini chet tillarda chiqarish ‒ zarur.
Bu uch yo‘nalish ravnaqi uchun ham, avvalo, o‘zimiz tashabbuskor bo‘lishimizga to‘g‘ri keladi. Shunday qilinyapti ham.
Ochig‘ini aytganda, Alisher Navoiy hayoti va ijodi bilan tanishmoqchi bo‘lgan inglizzabon o‘quvchilar uchun material ‒ nihoyat darajada kam. O‘tgan yili Germaniya Federativ Respublikasidagi “Lam Lambert” (“LAM LAMBERT Academic Publishing”) nashriyoti o‘zbek navoiyshunosi ‒ filologiya fanlari doktori, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi, “El-yurt hurmati” ordeni sohibi, Samarqand davlat universiteti professori Muslihiddin Muhiddinovning “Xamsa”larning ilk dostonlarida komil inson konsepsiyasi” monografiyasini chiqargan edi.
Yaqinda mazkur nashriyot shu olimimizning “Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyora” dostoni: an’ana va o‘ziga xoslik” (“Alisher Navois Epik “Sabai sayyar” tradition and originality”) monografiyasini ham ingliz tilida chop etdi. Uni o‘zbekchadan Shoira Qutbiddinova tarjima qilgan.
“Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyora” dostoni: an’ana va o‘ziga xoslik” monografiyasi muallifning nomzodlik dissertatsiyasi edi. 1972 yili yoqlangan bu ish qayta ishlandi, unga ko‘p-ko‘p yangiliklar kiritilib, puxta-pishiq holga keltirildi.
Kitob “Muqaddima”, “Xulosa” va “Foydalanilgan adabiyotlar ro‘yxati”dan tashqari, to‘rt mustaqil bobdan tashkil topgan. “O‘zbek mumtoz adabiyoti tarixida “Bahrom va Dilorom” syujeti”, “Alisher Navoiyning “Sab’ai sayyora” dostoni”, “G‘aribiyning “Shoh Bahrom va Dilorom” dostoni”, “Sab’ai sayyora”ning nasriy varianti” hamda “Haft paykar” ‒ Ogahiy tarjimasida” o‘rtaga qo‘yilgan an’ana va o‘ziga xoslik (tajdid) masalasi atroflicha yoritilgan.
Monografiya adabiyotshunoslikdagi qiyosiy-tipologik yo‘nalishning yorqin namunasi hisoblanadi. Chunki “Sab’ayi sayyora” Sharq mumtoz adabiyotidagi sayyor syujet asosida bitilgan. Shuning uchun olim Navoiy dostonini Abulqosim Firdavsiy, Nizomiy Ganjaviy, Sa’diy Sheroziy, Xusrav Dehlaviy, Abdurahmon Jomiy, Muhammad Avfiy, Abdullo Xotifiy, Muhammad Rizo Ogahiy asarlariga qiyosan tahlil etadi.
Kitobga ushbu satrlar mukallifi mas’ul muharrirlik, filologiya fanlar doktori Isroil Sulaymonov hamda filologiya fanlari nomzodi, dotsent Sobirjon Tohirov taqrizchilik qilgan.
Umidimiz borki, bu nashr jahonning ko‘p tadqiqotchilari hamda ingliz tilini biladigan keng o‘quvchilar ommasining Alisher Navoiy ijodiga qiziqishini yanada oshiradi.
Sultonmurod OLIM,
filologiya fanlari nomzodi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi.