Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek olimalari qanday ixtirolar yaratayapti?
12:51 / 2022-09-03

Ilgari falonchining qizi yoki kelini olima ekan, desa ko‘pchilik xayratlanardi. Olimalik nina bilan quduq qazishdek qiyin ish bo‘lgani sababli har qanday ayol bu ishni zimmasiga olavermaydi. Ayniqsa, yelkasida oila yumushlari, kelinlik vazifalari turadigan o‘zbek oilalari uchun bu birmuncha qiyin masala.

Bugun yurtimizda xotin-qizlarga bo‘layotgan e’tibor tufayli oramizda olima degan nomga musharraf bo‘lgan ayollar safi anchagina ko‘paydi.  Ularning ayrimlari bilan suhbat uyushtirib, yaratayotgan ixtirolari, yangiliklar va ularni hayotga tatbiq etilishi bilan bog‘liq savollarimizga javob oldik. 

Joriy yilning 2 iyul kuni Innovatsion rivojlanish vazirligi tomonidan 2021 yil oktyabr oyida e’lon qilingan “Bo‘lajak olim” startap tanlovi 2-mavsum g‘oliblarini taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. G‘oliblar orasida Toshkent Davlat texnika universiteti, Muhandislik texnologiyalari fakulteti tayanch doktoranti Yulduzxon Kamolova ham bor.

Uning eshitishida va nutqida zaifligi mavjud bolalar nutqini yaxshilashga qaratilgan “Star-Coch” kompyuter dasturi va qurilmasi loyihasi  ushbu tanlovda g‘olib deb topildi va loyihani amalga oshirish uchun 350 million so‘m miqdoridagi mablag‘ bilan moliyalashtirildi. 

Xo‘sh, ushbu loyihaning eshitishi va nutqida nuqsoni bor bolalar uchun foydali jihati nimada? Uni amaliyotda qanday qo‘llash mumkin? 

– Loyiha birinchi navbatda nutqida zaifligi bor bolalarning so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz etishlari, nutq nuqsonlarini bartaraf etish va ijtimoiy hayotga moslashishlarida ko‘mak berishga qaratilgan, – deydi  Yulduzxon Kamolova. – Loyiha asosan koxlear implantatsiya amaliyoti o‘tkazilgan bolalar va eshitish moslamalari bor maktabgacha hamda kichik maktab yoshidagi bolalar bilan so‘zlarni to‘g‘ri talaffuz etishlarini spektral analiz asosida ishlovchi komyuter dasturi va qurilmasida tekshirishga, xatolarini ko‘rsatishga va ijtimoiy moslashuv jarayonini tezlashtirishga qaratilgan.

Bolalarda KI (koxlear implant)lar o‘rnatilgandan keyin reabilitatsiya jarayoni muhim va qiyin jarayon bo‘lganligi sababli, kompyuter texnologiyalaridan foydalanish, ularda darslarni mustahkamlash va ijtimoiy moslashuv jarayonlarining tezlashishiga yordam beradi. Xorijiy dasturlar va qurilmalarning minimal narhi 1000 AQSH dollari bo‘lib, ularning ko‘pchiligi xorijiy tillarga moslashgan, yani o‘zbek tilida ishlaydigan bu kabi qurilmalar ishlab chiqilmagan. 

Eshitishida va nutqida zaifligi bor bolalar uchun o‘zbek tilidagi tovushlar va so‘zlar jamlanmasining to‘g‘ri talaffuzini analiz qiladigan dasturlar mamlakatimizda mukammal darajada ishlab chiqilmagan. Dasturning 100 ta va 1000 ta so‘z to‘plami kiritilgan nusxasi uchun Intellektual mulk agentligi tomonidan guvohnoma olingan. Toshkent tibbiyot akademiyasi Otorinolaringologiya kafedrasi professor-doktorlari tomonidan sinovdan o‘tkazilgan. Bu kompyuter dasturi respublikamiz xududidagi logopedik maktablar va bog‘chalarga foydalanish uchun topshirilgan.

Toshkent davlat texnika universitetining Mashinasozlik fakulteti “Xizmat ko‘rsatish texnikasi” kafedrasi mudiri, texnika fanlari doktori Shahnoza Sultonova “Suv isitgichli qurilma” muallifi hisoblanadi. Oilali, 3 nafar egizak farzandlar onasi. 2 qiz, 1 o‘g‘il. 

Ilmiy faoliyati oziq-ovqat mahsulotlarini va dorivor o‘simliklarni qayta ishlashga bag‘ishlangan. bugungi kunda Sh.Sultonovaning 350 dan ortiq ilmiy ishlari mavjud. Shahnoza tomonidan ishlab chiqilgan texnika va texnologiyalar kam xarajatli va energiya tejashga yo‘naltirilgan. So‘nggi olib borayotgan ishlanmasining maqsadi dorivor o‘simliklardan biologik faol moddalarini saqlab qolish maqsadida import o‘rnini bosuvchi innovatsion texnika va texnologiyani ishlab chiqib, farmatsevtika sanoatiga joriy etishdan iborat. 

Ishlab chiqilgan universal suv isitgichli quritish qurilmasi mahalliy ishlab chiqarishga qo‘yilsa ham arzon, ham uni qo‘llash jarayonida elektr energiya kam sarflanadi. Quritish qurilmasida qayta ishlangan tayyor mahsulot tarkibi 90 foizdan ortiq darajada tarkibini saqlab qolishi alohida e’tiborga loyiq.  Ishlab chiqilgan universal suv isitgichli quritish qurilmasini qo‘shni davlatlar uchun eksportga tavsiya etsa bo‘ladi. 

Qo‘shni davlatlarda ham yetishtirilayotgan dorivor o‘simliklarni qayta ishlab farmatsevtika sanoati uchun xom ashyo sifatida qo‘llash maqsadga muvofiq. Suv isitgichli quritish qurilmasini qo‘llash orqali bo‘sh ish joylarini yaratish imkoniyati tug‘iladi. Olingan sifatli va arzon mahsulot aholi salomatligi uchun katta ahamiyat kasb etadi. 24 soat to‘xtamasdan ishlash imkoniyati mavjud, yuqori ish unumdorligagi ega.  

Hozirgi kunda ushbu qurilma dorivor o‘simliklarni yetishtirish va qayta ishlash ilmiy markazida ishlab turibdi. Qurilma qo‘llanilishi natijasida korxonaning ish unumdorligi 1,6 martaga ortgan. Xomashyoni nobud bo‘lishi 1,5 martaga kamaygan. 

 

Nigora Rahmonova suhbatlashdi,  
O‘zA