Poytaxtimizda Markaziy Osiyo olimalari ilmiy konferensiyasi – "SheSCIENCE – 2026" xalqaro ilmiy anjumani bo‘lib o‘tdi.
Mazkur nufuzli anjuman, umuman, mamlakatimiz xotin-qizlarining ilm-fanda tutgan o‘rni va ahamiyati xususida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari – Oila va xotin-qizlar qo‘mitasi raisi Zulayho Mahkamova quyidagi fikrlarni bildirdi:
– 11 fevral – Xalqaro ilm-fan sohasidagi xotin-qizlar kuni sifatida keng nishonlanmoqda. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida Yangi O‘zbekiston innovatsiyalar zamonida o‘z tarixiy merosi va qadriyatlarini unutmagan holda jadal rivojlanmoqda.
Dunyoda globallashuv jarayonlari kuchayib borayotgan, tinchlik va barqarorlikka tahdidlar paydo bo‘layotgan ziddiyatli davrda insoniy qadriyatlar, siyosiy barqarorlik va taraqqiyotga hissa qo‘shishda xotin-qizlarning o‘rni ahamiyatli.
"Yangi O‘zbekiston - ma’rifatparvar davlat" tamoyili bo‘yicha belgilangan vazifalar jamiyatimizni yangi bosqichga ko‘tarish, ilm-fan sohasida imkoniyatlarni kengaytirishga xizmat qiluvchi omildir. Mamlakatimizda ayolga bo‘lgan munosabat o‘z tarixiy ildizlariga ega. Ma’rifatparvar bobolarimiz “Ayol yuksalsa, yuksalur bashariyat”, deb aytib o‘tganlar.
Ko‘hna tarix Saroymulkxonim, Fotima binti Muhammad Samarqandiya, Nodirabegim, Gulbadanbegim, Qutlug‘ Nigorxonim, Gavharshodbegim, Uvaysiy, Dilshod Otin, Anbar Otin, Mehr Sultonxonim, Samarbonu singari yuzlab mo‘’tabar va ma’rifatparvar ilm-fan va madaniyat taraqqiyotida beqiyos hissa qo‘shgan ayollarimizning millat sha’ni, or-nomusini saqlash yo‘lidagi jasoratlariga guvoh. Momolarimizga xos bo‘lgan noyob fazilatlar zamonamiz ayollari siymosida ham davom etmoqda.
Mamlakatimizdagi yangilanish jarayonlarida ilgari surilayotgan Uchinchi Renessans g‘oyasi ilm-fan, ma’rifat, ta’limga asoslanadi, insonparvarlik bilan oziqlanadi.
Barqaror rivojlanish maqsadlarining muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblangan sifatli ta’lim tamoyili bugun amaliyotga keng tatbiq etilmoqda.
[gallery-27590]
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning qat’iy siyosiy irodasi tufayli mamlakatimizda gender tenglikni ta’minlash, xotin-qizlarning ta’lim olishdagi imkoniyatlarini oshirish vazifalari mutlaqo yangi bosqichga ko‘tarildi.
Prezidentimizning “Ayollarga ilm berish – jamiyatni ilmli, ma’rifatli va salohiyatli qilish”, degan g‘oyalari hayotga izchil tatbiq etilmoqda.
“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida 262 ming nafar xotin-qizning IT-savodxonligi oshirilgani buning yorqin misolidir. “InnoWomenWeek” haftaliklari, “Ixtirochi ayollar”, “Fan va texnika taraqqiyotida xotin-qizlar” kabi xalqaro forumlarda o‘zbek ayollarining innovatsion startaplari, sun’iy intellekt va ilm-fan sohasidagi loyihalari jahon miqyosida e’tirof etilmoqda.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda maktabgacha ta’lim qamrovi 27 foizdan 78 foizga oshdi. Xotin-qizlarning oliy ta’lim bilan qamrovi 54 foizga yetdi. Bunda ijtimoiy himoyaga muhtoj bo‘lgan ehtiyojmand xotin-qizlarga alohida davlat tomonidan yordamlar ajratilib, davlat granti ikki barobarga, oliy ma’lumotga ega bo‘lmagan xotin-qizlar uchun kvota besh barobarga oshirildi.
Ayollar uchun foizsiz ta’lim kreditlari joriy etilib, magistraturada ta’lim olish to‘lovlari davlat byudjeti hisobidan, qaytarish shartisiz qoplab berilmoqda.
Pirovard natijada, oliy ta’limdagi talabalar orasida xotin-qizlarning ulushi qariyb 54 foizni, magistraturada 65 foizdan ortiqni tashkil etmoqda.
Shu orqali yil sayin olima ayollarning jamiyatdagi ulushi oshib bormoqda. Bu esa, oilalarda ma’naviy barqarorlik, yoshlarning mafkuraviy immunitetini mustahkamlashga zamin yaratmoqda.
Ayollarning qaror qabul qilishdagi ishtiroki davlat boshqaruvi tizimining barqaror va muvozanatli bo‘lishiga hissa qo‘shmoqda. Shuningdek, ilm-fan sohasida faollik ortib bormoqda, xalqaro maydonda ham o‘z ilmiy izlanishlari bilan O‘zbekiston nomini dunyoga tanitayotgan xotin-qizlarimiz safi kengaymoqda.
Hozirgi kunda global miqyosda tadqiqotchilar orasida ayollar ulushi taxminan 33 foizni tashkil etadi. Markaziy Osiyo esa ushbu ko‘rsatkich bo‘yicha yuqori natijalarga erishgan bo‘lib, mintaqamizda olimalar ulushi o‘rtacha 49,6 foizga teng.
Bu ko‘rsatkichlar Markaziy Osiyoda ilmiy faoliyatda gender tengligi bo‘yicha ulkan imkoniyatlar va yuksak potensial mavjudligidan dalolat beradi. Olimalik, umuman ilm-fanda bir natijaga va yoki yutuqqa erishish oson ish emas. Shu bois ham olimalik maqom, ya’ni status, daraja sifatida ulug‘lanadi.
O‘zbek olimalari kimyo, biotexnologiya, qishloq xo‘jaligi kabi sohalarda ayniqsa faol izlanmoqdalar. Ta’lim, sog‘liqni saqlash, ijtimoiy va gumanitar sohalar rivojida xotin-qizlarimizning ishtiroki salmoqli o‘rin tutadi.
Biroq, tabiiy fanlar, matematika, injenering, texnologiya va qurilish kabi sohalarda ayollar ishtiroki nisbatan oz bo‘lib, bu holat global miqyosda ham kuzatilmoqda. Xususan, bugun davlat oliy ta’lim muassasalarida STEAM yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalarning bor-yo‘g‘i 38 foizini xotin-qizlar tashkil etayotgani sohada gender muvozanatini ta’minlash hanuz dolzarb ekanini ko‘rsatmoqda.
“O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarda ilm-fan sohasida ayollar ulushini yanada oshirish, OTM, kasbiy ta’limda xotin-qizlar ulushini 60 foizga yetkazish, ehtiyojmand qizlarning OTMga davlat grantlari hisobidan o‘qitishni ta’minlash, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi bilan ilmiy tadqiqotlarni amaliyotga joriy etish, ayollar innovatsiyalarini qo‘llab-quvvatlashda ularning ulushini 50 foizga oshirish kabi masalalarga ustuvor e’tibor qaratilgan.
Xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash tizimini kuchaytirish, jumladan, ularning ta’lim olish imkoniyatlarini oshirish, huquq va qonuniy manfaatlarini ta’minlash, jumladan, iqtisodiy faolligini oshirish bo‘yicha aniq maqsadlar belgilanib, O‘zbekiston modeli izchillik bilan joriy etilmoqda.
Bu borada joriy yilda raqamli texnologiyalarga qiziqishi bo‘lgan 100 ming xotin-qizni IT sohasida o‘qitish, STEAM sohasida xotin-qizlar ulushini 38 foizdan 50 foizga yetkazish, iqtidorli xotin-qizlarni aniqlash va qo‘llab-quvvatlash orqali ularning safini 115 ming nafarga yetkazish ko‘zda tutilgan.
Bugungi konferensiya dasturidagi barcha mavzular o‘ta dolzarb, mintaqa mamlakatlarining kelajak taqdiri uchun katta ahamiyatga ega va har bir davlatning kun tartibida turibdi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.
Shu sababli maqsadimiz, o‘z tajribalarimiz bilan o‘rtoqlashish, xotin-qizlar uchun teng imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan aniq takliflar, amaliy tashabbuslar va samarali hamkorlik mexanizmlarini taklif etishdan iborat.
Ushbu fursatdan foydalanib sohada oldimizda turgan bir qator muhim vazifalarni qayd etish lozim. Jumladan, yosh olimalarning mintaqaviy ilmiy loyihalar va stajirovkalarga keng jalb qilish orqali rag‘batlantirish, mintaqadagi oliy ta’lim va ilmiy muassasalarning o‘zaro hamkorligini yanada kengaytirish, olimalar tomonidan mintaqadagi dolzarb muammolar, xususan, suv tanqisligi, global iqlim o‘zgarishlari ta’sirini yumshatishga qaratilgan birgalikdagi ilmiy tadqiqotlar va loyihalarni ko‘paytirish muhim.
Tadqiqotlar natijalari asosida ilmiy asoslangan yechimlarni mintaqa miqyosida Hukumatlarga taqdim etib borish taklif etiladi.
Markaziy Osiyo olimalari ilmiy konferensiyasi – “SheSCIENCE – 2026” xalqaro ilmiy anjumani ishtirokchilari tomonidan bildiriladigan konstruktiv taklif va tavsiyalar mintaqaviy hamkorlik hamda ilmiy salohiyatni yanada rivojlantirishga munosib hissa qo‘shishiga ishonaman.
O‘zA muxbiri
Nazokat Usmonova yozib oldi.