Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti, Berlin texnika universiteti hamda Germaniyaning spin-off kompaniyasi – “EXOLAUNCH GmbH” o‘rtasida mamlakatimizda ilk o‘zbek-nemis Oliy muhandislik maktabini tashkil etish bo‘yicha uch tomonlama shartnoma imzolandi.
Onlayn shaklda bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekistonning Germaniyadagi elchixonasi, Yodju va Berlin texnika universitetlari vakillari ishtirok etdi.
- Memorandumga asosan institutimizda Berlin texnika universiteti bilan hamkorlikda qo‘shma muhandislik fakulteti tashkil etilib, malakali mutaxassislar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi, — dedi Toshkent shahridagi Yodju texnika instituti rektori J.Xudaybergenov. — Birinchi navbatda 3 ta mutaxassislik – elektrotexnika, mashinasozlik hamda kosmik muhandislik va texnologiyalar mutaxassisliklari bo‘yicha kadrlar tayyorlashga kelishib oldik. Joriy yil sentyabridan boshlanishi rejalashtirilayotgan o‘qish 4 yil davom etadi. Aytish joizki, mazkur yo‘nalishda tahsil olayotgan talaba Germaniyada ham ta’lim olishi, amaliyot o‘tashi ko‘zda tutilgan. O‘qishni tamomlagan talaba O‘zbekiston yoki Germaniya, shuningdek, qo‘shni davlatlarda ham ishlashi mumkin. Ushbu yo‘nalishda ta’lim beradigan o‘qituvchilarni 100 foiz, deb oladigan bo‘lsak, 70 foizigacha bo‘lgan o‘qituvchilar Germaniya davlatidan jalb etiladi.
Hamkorlikning yana bir muhim yo‘nalishi bu talabalar uchun Yevropa Ittifoqi va Germaniya tomonidan moliyalashtiriladigan akademik mobil dasturlarini joriy etish, shuningdek, yozgi va qishki maktablarni amaliyot bilan bog‘lagan holda birgalikda tashkil etishdan iborat.
Mamlakatimizda so‘nggi yillarda mavjud ilmiy-texnologik yo‘nalishlarni kengaytirish va talab yuqori bo‘lgan sohalarni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Jumladan, Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar agentligi («O‘zkosmos») tashkil etilgani bunga misol bo‘la oladi.
Shu bilan birga, mamlakatda qishloq va suv xo‘jaligi, ekologiya, telekommunikatsiya, geologiya-qidiruv, kartografiya, meteorologiya, seysmologiya va shaharsozlik sohalarining samaradorligini oshirish imkoniga ega bo‘lgan yerni masofadan turib zondlash, yo‘ldosh aloqa, navigatsiya tizimlari kabi kosmik tadqiqotlar va texnologiyalar sohasida faoliyat olib boruvchi malakali kadrlarga bo‘lgan ehtiyoj hamon saqlanib qolmoqda.
Berlin texnika universiteti Germaniya universiteti ta’lim dasturlari va ta’lim sifati, shu jumladan, kosmik texnologiyalar sohasida dunyoda yetakchi o‘rinni egallaydi.
bugungi kunda yer orbitasi atrofida mazkur universitetning 20 dan ortiq o‘z sun’iy yo‘ldoshlari o‘rnatilgan bo‘lib, BTU sho‘’ba korxonasi «EXOLAUNCH GmbH» Germaniyada kichik (pico) kosmik kemalarini ishlab chiqaradigan va Yevropaning «Soyuz» va "FALCON-9» raketa tashish xizmatlarini amalga oshiruvchi yirik provayderlardan biri hisoblanadi.
Shartnoma Toshkent shahridagi Yodju texnika institutiga Erasmus + loyihalarida keng ko‘lamda qatnashishga imkon beradi va mamlakatlar o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi.
Shahnoza MAMATUROPOVA, O‘zA