Yaqinda “O‘zbekneftgaz” AJ va Sho‘rtan neft va gazni qazib chiqarish boshqarmasi mutaxassislari Xitoyda amaliyot o‘tab qaytdi.
Xizmat safari davomida mutaxassislar “Jereh Oil & Gas Engineering Corporation” kompaniyasining ish faoliyati, kompressor va elektr dvigatellarning loyihalashtirish, yig‘ish va sinov jarayonlari bilan yaqindan tanishdi va jarayonda ishtirok etdi.
Bu haqda “O‘zbekneftgaz“ AJ axborot xizmati rahbari Mo‘min Ibodov quyidagilarni ma’lum qildi:
– Aytish joizki,“O‘zbekneftgaz” AJ tasarrufidagi neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalarida tabiiy gaz qazib chiqarish ko‘rsatkichlarining barqarorligini ta’minlash va mavjud gaz zaxiralarini maksimal o‘zlashtirish maqsadida kichik kompressor stansiyalarini qurish loyihalari jadal sur’atlarda olib borilmoqda.
2024 yil 29 mart kuni “O‘zbekneftgaz” AJ va “Jereh Oil & Gas Engineering Corporation” (Xitoy) kompaniyasi o‘rtasida kichik kompressor stansiyalarini qurish doirasida blokli kichik kompressor uskunalarini ishlab chiqarish, yetkazib berish va ishga tushirish bo‘yicha shartnoma imzolangan edi.
Mazkur shartnomaga asosan Sho‘rtan konida kichik kompressor stansiyalarini ishga tushirish ishlari amalga oshirilmoqda. Bugungi kunda 1-bosqichda “Jereh Group” kompaniyasi tomonidan jami 15 ta kompressor blok yetkazib berildi va ishga tushirildi. 2-bosqichda esa 37 ta kompressor blokni tayyorlab, yetkazib berish rejalashtirilgan.
Ayni kunlarda kelgusi yil ishga tushirilishi rejalashtirilgan kichik kompressor stansiyalari uchun zarur uskunalar Xitoyning Yantay shahridagi “Jereh Group” zavodida yig‘ilmoqda. Bu jarayon mazkur kompaniyaning loyihaviy texnik yechimlari asosida “MyCom” (Yaponiya) kompaniyasining vintli kompressorlari va “Nanyang” (Xitoy) kompaniyasining elektr dvigatellari bilan birgalikda amalga oshirilayotir.
Yaqinda “O‘zbekneftgaz” AJ va Sho‘rtan neft va gazni qazib chiqarish boshqarmasi mutaxassislaridan iborat ishchi guruh xizmat safari bilan Xitoyda bo‘ldi. Ushbu amaliy safardan ko‘zlangan maqsad kompressor bloklarini zavodda sinovdan o‘tkazishga qaratilgan.
Safar chog‘ida mutaxassislar “Jereh Oil & Gas Engineering Corporation” kompaniyasining ish faoliyati, kompressor va elektr dvigatellarning loyihalashtirish, yig‘ish va sinov jarayonlari bilan yaqindan tanishib, jarayonda ishtirok etdi.
Sinov jarayonida qurilmalarning texnik parametrlari o‘rganib chiqilib, kompressor va dvigatellarning texnik ko‘rsatkichlari ishlab chiqaruvchi zavodning ishlatish qo‘llanmasiga mos kelishi nazorat qilindi.
Mazkur amaliy safar ishchi guruh uchun tajriba va ko‘nikmaga ega bo‘lish imkonini berdi. Ular ushbu tajribadan Sho‘rtan konida kichik kompressor stansiyalarini ishga tushirish ishlarida unumli foydalanadi.
Muhimi, Sho‘rtan konida kichik kompressor stansiyalari ishga tushirilgach, uning kunlik tabiiy gaz qazib olish hajmini oshirish, barqarorligini ta’minlash va gazni keyingi bosqichlarga zarur bosim bilan yetkazib berish imkoniyati yaratiladi.
N.Ziyodullayeva, O‘zA