English
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek mumtoz kuy-qo‘shiqlaridan ruhlanib, istiqboli uchun dadil odimlagan Vasilisa
05:57 / 2022-03-26

FOTOREPORTAJ

Davlatimiz rahbari qarori bilan bu yil Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlanganlar qizlar safida farg‘onalik Vasilisa Naypak ham bor. Zulfiyaxonim izdoshi Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutining 3-bosqich talabasi. 

Vasilisa – noyob iste’dod, o‘zbekona lutf va xulq sohibasi. Hayotning achchiq sinovlariga ro‘baro‘ kelgan bo‘lsada, ertangi kun istiqboli uchun dadil qadam tashlayotgan shijoatli yoshlardan. Uning erishayotgan yutuqlari esa tahsinga loyiq.
– Marg‘ilon shahridagi Mehribonlik uyida ulg‘ayganman, - deydi o‘zbek tilida burro-burro so‘zlovchi Vasilisa. – Onamni faqat suratlari orqali taniyman. Chunki, volidam 5 yoshligimda vafot etgan. Otam yolg‘iz suyanchim edi. Bolalar uyiga doim yo‘qlab kelardi. Kutilmaganda, 11 yoshimda otamdan ham ayrildim. Dunyo ko‘zimga tor ko‘rina boshladi...
Otasining vafoti haqidagi xabarni keltirgan amakisi Vasilisaga Ukrainaga oilasi bilan ko‘chib ketayotganini aytib, istasa uni ham birga olib ketishi haqida bildiradi.  Vasilisa esa amakisining taklifiga qat’iylik bilan, “Men o‘z yurtimda, meni oq yuvib, oq taragan mehribon insonlar yonida qolaman. O‘zbekiston – mening ona Vatanim, mening taqdirim, kelajagim”, deb javob qaytaradi. 

[gallery-6302]

Mehribonlik uyining pana-pastqam joylarida yig‘lab yurgan qizaloq qalbga orom baxsh etadigan o‘zbek mumtoz kuy-qo‘shiqlarini tinglab, taskin-tasalli topadi. Musiqaga bo‘lgan o‘zgacha mehri sabab, 8-umumta’lim maktabida o‘qish bilan birgalikda shahardagi bolalar musiqa va san’at maktabining milliy cholg‘ular yo‘nalishida ham tahsil ola boshlaydi. Dutor chalish sir-asrorlarini to‘liq o‘rgangach, ustozlari tavsiyasi bilan fortepiano chalishni ham o‘zlashtiradi.
So‘ng tahsilni Farg‘ona san’at kollejida davom ettiradi. 2019 yili u “Nihol” davlat mukofotiga sazovor bo‘ladi. Shu yili musiqiy ilmini yanada oshirish maqsadida poytaxtga yo‘l oladi. Ayni paytda esa u O‘zbek milliy musiqa san’ati institutining eng faol talabalaridan.

– Orzuim institutning magistratura bosqichida ham o‘qib, yetuk bastakor bo‘lish, - deydi Vasilisa. – Boisi, musiqa allaqachon hayotim mazmuniga aylanib ulgurgan. Dutorda mumtoz kuylar chalib, ertangi kunga ishonch, kuch-quvvat olaman. Ota-onam bugungi yutuqlarimni ko‘rishini juda istar edim. Ammo, nasib etmagan ekan. Mehribonlik uyidagi tarbiyachi-murabbiylarim, musiqa maktabi va institutdagi ustozlarim hamisha boshimni silab, qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Ulardan juda minnatdorman.


 

Muqimjon QODIROV (surat),O‘zA