Hindistonning Noida shahrida bo‘lib o‘tgan xalqaro kinofestivalda o‘zbek kino ijodkorlari tomonidan ishlangan ikki animatsion film maxsus sovrinni qo‘lga kiritdi.
“Astir Animation” studiyasi tomonidan Abdulatif Haydarov rahbarligida yaratilgan “Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab sayohat” va “To‘maris” nomli multfilmlarimiz “Award of Distinction” nominatsiyasi bo‘yicha taqdirlandi.
Zamonaviy 3D-texnologiyasidan foydalanib ishlangan har ikki kartina nafaqat tomoshabinlar, balki hay’at a’zolarida ham jiddiy qiziqish uyg‘otdi.
“Buyuk ipak yo‘li bo‘ylab sayohat” qadimiy Xiva o‘tmishidan hikoya qiladi, “To‘maris” esa Markaziy Osiyo tarixida yorqin iz qoldirgan afsonaviy shaxs hayotiga bag‘ishlangan.
Xalqaro hakamlar va animatsiya muxlislari filmlarimizning badiiy va texnik darajasiga yuqori baho berib, o‘ziga xoslik, madaniy ahamiyat hamda vizual ijro nuqtai nazaridan, asarni alohida e’tirof etdilar.
Ta’kidlash joiz, “Astir Animation” o‘zbek studiyasi avval ham xalqaro maydonda qator muvaffaqiyatlarga erishgan. Masalan, o‘tgan yil “Xasis baqqol” multfilmi bilan Kalkutta shahrida bo‘lib o‘tgan Xalqaro bolalar kinofestivalida muvaffaqiyat qozongan edi.
Aziza Alimova, O‘zA