Poytaxtimizda joriy yilning 11 yanvar kuni “Yangi O‘zbekiston va Milliy kinemotografiya” shiori ostida milliy kino san’ati oyligi doirasida “O‘zbek milliy kino san’ati” haftaligi o‘z ishini boshladi.
Yoshlar ijod saroyida o‘tkazilayotgan “O‘zbek milliy kino san’ati” haftaligida ko‘plab qiziqarli va mazmunli tadbirlar qamrab olingan. E’tiborli jihati, ushbu haftalik kinoarboblar, rejissyor, ssenariynavis, operator, rassom, bastakor va kinoijodkorlarni bir maqsad atrofida birlashtirib, soha rivoji uchun yangi g‘oya va rejalarni amalga oshirishga xizmat qiladi.
Haftalikning 12 yanvar kungi tadbirlarida ishtirokchilar yanada gavjum bo‘ldi. “Ekranda ayol taqdiri” nomli davra suhbati, “O‘zbekiston – bizning diyorimiz” mavzuida bolalar uchun ijodiy tanlov, turli o‘yinlar, “O‘zbek animatsiyasi xazinasidan” xorijiy kinofondlardan qaytarilgan multfilmlarning maxsus namoyishiga bag‘ishlangan qator tadbirlar shular jumlasidandir.

“Zumrasha” kinojurnalining istiqbolli rejalari va “Yo‘l xaritasi”ni tuzish” mavzuidagi davra suhbati ham shu kunning muhim tadbiri bo‘ldi.
Yosh kinorejissyor va ssenariynavislar ishtirok etgan tadbirda “Zumrasha” kinojurnalining badiiy rahbari Xayrulla Sa’diyev kelgusi rejalar haqida gapirib berdi.

– Davra suhbatida sevimli aktyorimiz Xayrulla Sa’diyev “Zumrasha” kinojurnalini bugungi kun talabida rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotganiga alohida urg‘u berdi, – dedi O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti talabasi Xolida Hasanova. – Albatta, bu jarayonda yaxshi ssenariynavislar yetishib chiqishi kerak. O‘zim ham ssenariy yozishga qiziqaman va institutning “Sahna va ekran san’ati dramaturgiyasi” fakultetida tahsil olyapman. Hozirgi kunda “Kamalakning tug‘ilishi” nomli bolalar adabiyoti yo‘nalishida yozgan ssenariyimni bolajonlar e’tiboriga havola etish niyatidamiz. “Jar yoqasida”, deb nomlangan qissam kitob bo‘lib chiqqan va shu asarni ham sahnalashtirish orzusidaman. Menimcha, bolajonlar qalbida teatrga mehr uyg‘otish uchun ularga dramaturgiya janriga oid asarlarni ko‘proq o‘qishni tavsiya etish maqsadga muvofiq. Shu bilan birga, ular uchun yaxshi ssenariylar yaratish zarur. Shundagina biz bolajonlar qalbiga chuqurroq kirib boramiz.

– Bugun bolajonlar ko‘proq internet bilan band bo‘lmoqda. Nazarimda, dramaturgiya ham internetga moslashishi kerak. Masalan, har xil o‘yinlar o‘rniga shunga o‘xshash sahna asarlarini o‘yin shaklida chiqarish kerak. Bolalarni biz hozir internetdan tortib ololmaymiz. Internet bugun har bir sohaga kirib bo‘ldi. Har xil yomon o‘yinlarni emas, balki o‘zimizning madaniy merosimizni shu yo‘l bilan ulashishimiz mumkin. Ertak ssenariylar yozishga qiziqaman. Yozganlarim matbuotda ham chiqqan. Maqsadim o‘zim yaratayotgan ssenariylarni dasturlashtirib, bolajonlar olamiga kirib borish, – dedi ushbu institut talabasi Durdona Yo‘ldosheva.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA