Ўзбек
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek maqom ustalarining yana bir yutug‘i
21:14 / 2025-06-23

Ozarbayjon Respublikasining Ag‘dam shahridagi Mug‘om markazida VII Xalqaro “Mug‘om olami” musiqiy festivalining tantanali yopilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur festivalda O‘zbekiston delegatsiyasi ham munosib ishtirok etdi. Jumladan, O‘zbek milliy maqom san’ati markazi bosh direktori Avazbek Shomurodov va O‘zbek milliy musiqa san’ati instituti ishlar boshqarmasi boshlig‘i Baxtiyor Bozorboyev xalqaro hamkorlik doirasida festival tadbirlarida qatnashdi. Hamyurtlarimiz shuningdek, Qorabog‘ hududida joylashgan Mug‘om markazi faoliyati bilan yaqindan tanishdi.

Festival yakunida turli mamlakatlardan tashrif buyurgan san’atkorlar ishtirokidagi chiqishlar, madaniy dasturlar hamda xalqaro ijrochilar tanlovining taqdirlash marosimi bo‘lib o‘tdi. 

Bir qator xorijlik ekspert va mutaxassislar, san’atkorlardan iborat bo‘lgan hakamlar hay’ati tarkibida O‘zbekiston Qahramoni, O‘zbekiston xalq artisti Munojot Yo‘lchiyeva rais sifatida faoliyat ko‘rsatdi. 

Ushbu musiqa bayramida o‘zbekistonlik ishtirokchilarning yutuqlari alohida e’tiborga molik. 

Festivalda Yunus Rajabiy nomidagi O‘zbek milliy musiqa san’ati institutining “Maqom cholg‘u ijrochiligi” kafedrasi katta o‘qituvchisi Farangiz Mahmudova birinchi o‘ringa loyiq topildi. 

Mazkur institutning xalqaro bo‘limi xodimi, xonanda Dilnoza Akbarova hamda Xorazm maqom maktabi o‘qituvchisi Alibek Safarboyev uchinchi o‘ringa munosib topildi. 

O‘zbekiston maqom san’ati vakillarining xalqaro miqyosdagi musiqiy muloqotlarda faol ishtiroki milliy madaniyatimiz nufuzining yorqin ifodasidir.

N.Usmonova, O‘zA muxbiri