O‘zbek sharqshunos olimlarining xorijiy davlatlar ilmiy doiralari, jumladan, Rossiya olimlari va ilmiy-ma’naviy tashkilotlari bilan hamkorlik aloqalari mustahkamlanib bormoqda. Bu yo‘nalishda, ayniqsa, o‘zbek manbashunoslari va tasavvufshunoslarining Rossiya musulmonlari Markaziy diniy idorasi bilan hamkorligi alohida o‘rin tutadi.
Rossiya musulmonlari Markaziy diniy idorasi rayosatining 2023 yil 14 fevraldagi qarori va Rossiya markaziy diniy idorasi raisi, Bosh muftiy, shayxulislom Tal’at Safo Tojiddinning shu sanadagi №04-23-sonli farmoniga asosan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti yetakchi ilmiy xodimi, “Naqshbandiya” jurnalining bosh muharriri o‘rinbosari, tarix fanlari doktori, sharqshunos, manbashunos, bitikshunos, islomshunos, tasavvufshunos Komiljon Rahimov butun postsovet makonida diniy-axloqiy qadriyatlarni izchil o‘rnatishdagi munosib hissasi, diniy-axloqiy uyg‘onishni rivojlantirishdagi roli, Rossiya va O‘zbekiston xalqlari o‘rtasidagi tinchlik, do‘stlik va o‘zaro tushunishni mustahkamlashdagi salmoqli hissasi va boshqa xizmatlari uchun mazkur idoraning “Vera i chest” ordeni bilan taqdirlandi.
Eslatib o‘tish lozimki, ushbu orden Rossiya va boshqa davlatlarda islom diniga e’tiqod qiluvchi xalqlarning ilmiy-ma’naviy merosini o‘rganish va targ‘ib etish, diniy-axloqiy qadriyatlarni tiklash, dinlararo va millatlararo totuvlikni mustahkamlash kabi ishlarga hissa qo‘shgan shaxslarga beriladi. Komiljon Rahimovning tasavvuf tarixiga bag‘ishlangan bir necha asarlarining Rossiyada nashr etilishi, shuningdek, ushbu olimning Rossiyadagi manbashunoslik, islomshunoslik va tasavvufga bag‘ishlangan ko‘plab ilmiy anjumanlar va tadbirlarda faol ishtirok etishi Rossiya musulmonlari Markaziy diniy idorasi tomonidan shu tarzda munosib taqdirlandi.
Iste’dodli yosh sharqshunos, manbashunos olim, mohir tarjimon va jamoatchilik faoli Komiljon Rahimov 1982 yil Buxoro shahrida tug‘ilgan. U 1995–1999 yillari Buxorodagi Mir Arab madrasasida, 2000–2007 yillari Buxoro davlat universitetining o‘zbek filologiyasi fakultetida bakalavr va magistarturada tahsil olgan. 2005–2006 o‘quv yilida Misr Arab Respublikasining Toshkentdagi Fan va ta’lim madaniyat markazi e’lon qilgan 1 yillik malaka oshirish grant tanlovi g‘olibi bo‘lgach, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Tashqi ishlar vazirligi hamda Buxoro davlat universiteti ma’muriyati tavsiyasiga muvofiq 2005–2006 yillari Misr Arab Respublikasining Qohira universiteti Arab filologiyasi fakultetida davlat granti asosida 1 yil malaka oshirib qaytgan. 2008–2013 yillari O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat va jamiyat qurilishi akademiyasi mustaqil tadqiqotchisi, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasi Sharqshunoslik instituti aspiranturasi (2014–2017) va doktoranturasini (2018–2021) bitirgan. Komiljon Rahimov 2018 yil tarix fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) ilmiy darajasini olish uchun yozgan «Mustamliy Buxoriyning «Sharh at-Ta’arruf» asari hamda uning XI–XV asrlar Movarounnahr va Xuroson tasavvuf manbalariga ta’siri» mavzusidagi dissertatsiyani, 2022 yili esa tarix fanlari bo‘yicha fan doktori (DSc) ilmiy darajasini olish uchun yozgan «Xojagon-naqshbandiya ta’limotining ildizlari va shakllanish manbalari (IX–XIV asrlar)» mavzusidagi dissertatsiyani prof. Bahrom Abduhalimov rahbarligi ostida muvaffaqiyatli himoya qilgan.

Komiljon Rahimov O‘zbekiston va 15 xorijiy mamlakat nashrlarida chop etilgan 250 dan ortiq ilmiy maqola, 30 ta monografiya va 2 ta ilmiy to‘plam muallifi. Shuningdek, turli to‘plam, lug‘at va ensiklopediyalarda ham 77 ta maqola chop etgan. Bulardan tashqari, O‘zbekistondagi 41 ta va xorijiy mamlakatlardagi 19 ta ilmiy-amaliy va ilmiy-nazariy anjumanlarda o‘z ilmiy ma’ruzalari bilan ishtirok etgan.
Komiljon Rahimov hozirgi kunda O‘zbekiston Fanlar akademiyasi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti hamda Buxoro davlat universitetidagi Ilmiy kengashlarning a’zosi hisoblanadi. Iste’dodli olim hozirgi kunda islom davrining boshlarida Buxoro shahridagi ta’lim, fan va madaniyat asoslarining qo‘yilishi va rivojlanishi tadqiqiga bag‘ishlangan “VIII–XI asrlarda Buxorodagi ta’lim, fan va madaniyat taraqqiyoti” nomli monografik tadqiqot ustida ishlamoqda.
Sermahsul yosh olimning kelgusidagi faoliyatiga ulkan muvaffaqiyatlar tilab qolamiz.
Nilufar Bozorova,
O‘zA