So‘nggi yillarda o‘zbek kino va seriallarida oilaviy mojarolar – xususan, qaynona-kelin ziddiyati, er-xotin o‘rtasidagi kelishmovchiliklar, g‘iybatchi qo‘shnilar va xiyonat kabi mavzular markaziy o‘rinlardan joy olmoqda. Bunday kinolarni tomosha qilgan kinotanqidchilar, shuningdek, oddiy tomoshabinlar ham ushbu asarlarning mazmuni va sifati haqida jiddiy mulohaza yuritmoqda.
Baʼzi oʻzbek kino-novellalari hayotimizning maʼlum qirralarini aks ettiruvchisi sifatida qabul qilinsa-da, uning ijodkorlari koʻpincha oʻz ishlarini chuqur tahlil qilmay, oʻziga tanqidiy nigoh bilan qarashga tayyor emasdek goʻyo. Natijada, kino maydonida mazmunan boy va maʼnaviy jihatdan kuchli asarlar yaratish oʻrniga, koʻp hollarda “yengil”, tez isteʼmol qilinadigan, koʻzga koʻrinadigan dramatik konfliktlar bosh mavzuga aylanmoqda. Ammo sanʼat, xususan kino, jamiyatga faqat haqiqiy holatlarni aks ettirish bilan cheklanmasligi kerak. Sanʼat insonga oʻrnak boʻlishi, uni maʼnaviy jihatdan yuksaltirishi, hayotga yangicha nazar bilan qarashga undashi zarur.
Kinoning jamiyatdagi oʻrni faqat voqealarni aks ettirish bilan cheklanmaydi. Kino ijtimoiy oʻzgarishlarga turtki beruvchi, odamlarning dunyoqarashini shakllantiruvchi kuchga ega. Shu sababli, kino ijodkorlari oʻz asarlarini yaratishda faqat tomoshabinlar eʼtiborini jalb qilishga emas, balki ular orqali jamiyatdagi murakkab masalalarni tushuntirishga ham masʼuldir.

Kinolarimizda qaynona va kelin oʻrtasidagi konflikt faqat bir qirrali qilib koʻrsatiladi. Bunda qaynona qattiqqoʻl va rahmsiz, kelin esa doimo qurbon ayol sifatida gavdalanadi. Yoki rollar buning aksini takrorlaydi. Bu stereotiplar nafaqat jamiyatda notoʻgʻri fikrlarni mustahkamlaydi, balki oilaviy munosabatlarga zarar yetkazishi mumkin. Bunday stereotipik yondashuv sanʼatning asosiy vazifasi insonni oʻylantirish va uni yaxshilikka chorlash emas, aksincha, odamlarni ajratishga, noaniqlik va nizolarni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Qolaversa, xiyonat mavzusining ham koʻp ishlatilishi, uni oddiy va yengil qabul qilishga olib kelish xavfi mavjud. Bu mavzuni zoʻrlik yoki halokatli oqibatlarsiz koʻrsatish, yosh avlodda notoʻgʻri qarashlarni shakllantirishi mumkin. Natijada, jamiyatda yanglish tushunchalar shakllanadi. Tomoshabinlar bu kabi munosabatlarni oddiy drama va vaziyat sifatida qabul qiladi. Natijada, kinoning maʼnaviy va tarbiyaviy roli pasayadi, sanʼatning taʼsiri yoʻqoladi.
Sifatli va maʼnaviy jihatdan yetuk kinolarni yaratish uchun avvalo, oilaviy konfliktlar koʻplab qatlamlari bilan, murakkab va realistik yoritilishi kerak. Qaynona va kelin, er-xotin munosabatlari koʻp qirrali, insoniy xususiyatlar bilan boyitilishi shuningdek, xiyonat mavzusining oqibatlari va u bilan bogʻliq maʼnaviy-sotsiologik tahlillar kinoda aniq aks etishi muhim. Kinoijodkorlar oʻz ishlarini tanqidiy koʻz bilan koʻrishga tayyor boʻlishi, maxsus ekspertlar bilan hamkorlikda ishlashi zarur.
Kinoni faqat koʻngilochar sifatida emas, balki tarbiyaviy vosita sifatida qabul qilishni targʻib qilish kerak. Bu uchun taʼlim, madaniy dasturlar orqali ommaviy madaniyatni rivojlantirish lozim. Qolaversa, boshqa mamlakatlarning oilaviy mavzularni yoritishda qoʻllagan muvaffaqiyatli tajribalarini oʻzlashtirish, shu orqali milliy kinoni yanada rivojlantirish mumkin.
Bugungi kunda kinolarimizda bir xil oilaviy mavzularning takrorlanishi va sifatsiz yoritilishi jamiyatga salbiy taʼsir koʻrsatmay qolmaydi. Kinoning asosiy maqsadi insonlarga oʻrnak boʻlish, ularni ruhiy jihatdan boyitish va jamiyatni yaxshilash boʻlishi kerak. Shu bois, kino ijodkorlari, tomoshabinlar va davlat birgalikda sifatli va mazmunli kino yaratish yoʻlida samarali ish olib borishi zarur. Endi arang bir marta koʻriladigan, “tez isteʼmol qilinadigan” kinolar oʻrniga, haqiqatan ham qadrlanadigan, taʼsirli va maʼnaviy kuchga ega asarlar yaratish vaqti keldi.
Dildora DOʻSMATOVA
OʻzA