Spanish
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek kinosi o‘z tomoshabinlarini xorij seriallariga boy berib qo‘yayotgandek...
15:05 / 2020-11-23

Kinochilarning telegramm kanali tinmaydi. "Yangi film ishlanish arafasida", "Falon tadbir rejalashtirilmoqda", "Kartina yaratilishi ko‘zda tutilgan..." Bularning bari sohada ishlar jadal olib borilayotganini anglatadi.

Shunday bo‘lishi ham kerak. Sababi, istaymizmi, yo‘qmi, o‘zbek kinosi o‘z tomoshabinlarini xorij seriallariga boy berib qo‘yayotgandek. Har holda menga shunday tuyulayapti.

Barcha maqtagan, bir faslining o‘zi bir yuz qancha seriyadan iborat chet el seriallaridan biri o‘sha maqtovlarga arzigulikmikan, degan xayol bilan uni tomosha qilmoqchi bo‘ldim. Hali namoyish boshlanib ulgurmay, to‘rtinchi sinfda o‘qiydigan Mubina yonimga kelib, bu serialni birinchi sinfdayoq tomosha qilib bo‘lganini aytganida, rosti, hayratdan qotib qoldim. "Axir bu kattalar uchun mo‘ljallangan serial-ku!". "Televizor doim yoqig‘liq turadi. Dars tayyorlab, ham serial ko‘rardim-da", deydi qizcha ko‘zlarini pirillatganicha. Rosti, uzundan- uzoq o‘sha "maqtalgan" serialda ibrat bo‘lishga arzigulik narsaning o‘zi yo‘q edi aslida. O‘z manfaati yo‘lida boshqalarga pand berish, bunda har qanday qabihlikdan tap tortmaslik, odamlar hayotiga zomin bo‘lish, o‘taketgan mug‘ombirlik, chaqimchilik, xiyonat, aldov, adovat, manmanlik, soxtalikdan, tomoshabin fikrini chalg‘itishdan boshqasi yo‘q edi u yerda...

Kino ijodkorlar jamoasining birgalikdagi mehnati samarasidir. "Mahallada duv-duv gap", "Dahoning yoshligi", urush va undan keyingi og‘ir asoratli yillarda yaratilgan "Alisher Navoiy", "Tohir va Zuhra" filmlari, "Maftuningman", "To‘ylar muborak", "Yor-yor", "Dilbarim", "Galatepalik avliyo", "Ajoyib xayolparast", "Chinor ostidagi duel", "Suyunchi", "Abdullajon", "Osmondagi bolalar" kabi yaxshi filmlarimiz ko‘p. Birgina "Shum bola" qancha e’tiborga loyiq. Unda kulib yig‘laysiz, yig‘lab kulasiz. "Farhodning jasorati", "Sen yetim emasman", "41-yil olmalari"dan qalbingiz g‘ururga to‘ladi. O‘zbekistonliklar G‘alaba onlariga qo‘shgan hissasi hech kimni befarq qoldirmaydi.

Oxirgi o‘n yilliklarda kinodagi turg‘unliklardan, gohi er-xotin, hali qaynona-kelin, qudalar jangidan charchaysiz.

Birda oshxona yumushlarini bajaraturib, xorijda ishlangan filmga ko‘zim tushib qolgandi. "Harbiy razvedka. Shimoliy front" deb nomlangan bu filmni bir lahzada ko‘rib qo‘yganingizni bilmay qolasiz. Uning ijodkori, iste’dodli rejissyor Yusuf Roziqovning esa yana Vatanimizga qaytib, o‘zimizda zo‘r kartinalar yaratishidek ushalmas orzular dilda qolishi tayin.

...Ha, keyingi paytlarda "Ibrat", "101", "Ilhaq" singari yaxshi ekran asarlari tomoshabinlarga taqdim etildi. Bu yo‘ldagi urinishlarni yanada jadallashtirishni davrning o‘zi talab etmoqda. Kino yaratmoq oson ish emas. Bu yo‘lda ijodkorlarga hamjihatlik, ahillik, baraka, ijod zavqini tilab qolamiz. Tezkor davr esa tomoshabin uchun jahon kinematografiya maydonida qay yo‘sinda kurash ketayotganini yaqqol ko‘rsatmoqda.  

 

N.USMONOVA, O‘zA