Kino hayotimizning ma’lum qirralarini oyna misol ko‘rsatib beruvchi, kishilarning fikrini o‘zgartira oluvchi kuchga ega muhim san’at turlaridan biri hisoblanadi. Bunda ayniqsa, qahramonlar harakterlari va ular ifodalab berayotgan obrazlar alohida ahamiyat kasb etadi. Ayni shu maqsadda, “Oila va gender” ilmiy-tadqiqot institutining so‘rovi o‘zbek kino va seriallarida erkak obrazi qanday aks etayotgani borasidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.
Unga ko‘ra eng ommabop obraz - oilani ta’minlaydigan, sadoqatli ota (43,2 foiz). Bu jamiyatda oilaviy qadriyatlarning naqadar muhim ekanini ko‘rsatadi.
Boshqalarni himoya qiluvchi, zaiflar va muhtojlarga yordam beruvchi (harbiylar, ichki ishlar xodimi) obraz ham (26,2 foiz) o‘z muxlislariga ega.
Zamonaviy fikrlaydigan, yangi texnologiyalarni o‘zlashtirgan, muvaffaqiyatli tadbirkor obrazi (20,5 foiz) ham o‘z o‘rniga ega. Bu zamonaviy jamiyatda muvaffaqiyatli erkak qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi tasavvurlarni aks ettiradi.
Salbiy obrazlar ham e’tibordan chetda qolmagan. Ayoliga yoki boshqa zaif insonlarga nisbatan o‘z g‘azabini boshqara olmaydigan erkak (19,3 foiz) obrazi salbiy bo‘lishiga qaramay, odamlarni jalb qiladi. Ehtimol, bu mazkur harakatlarning oqibatlariga e’tibor qaratish uchun xizmat qiladi.
Er-xotin munosabatlarida o‘zaro hurmat, ishonch va maslahatlashishga amal qiladigan er (17,7 foiz) obrazi an’anaviy qadriyatlar va zamonaviy munosabatlarni uyg‘unlashtirib, gender tenglikni targ‘ib qilish uchun yaxshi namuna bo‘la oladi.
O‘z kasbining fidoyisi bo‘lgan, lekin oilasiga kam vaqt ajratadigan, farzand tarbiyasi bilan shug‘ullanmaydigan erkaklar (14,6 foiz) ham tomoshabinlar diqqatini tortadi, chunki bu muammoni yoritib beradi.
Jinoyatlar qilgan, keyin to‘g‘ri yo‘lga qaytgan erkaklar (12,2 foiz) obrazi qayta tiklanish va o‘zgarish imkoniyatini aks ettiradi.
Ayolining gapiga kiradigan, oilada obro‘ga ega bo‘lmagan er (7,7 foiz) esa kamroq ommabop. Bu jamiyatda erkaklarning oiladagi roli haqidagi stereotiplarni buzadi.
Bunda oila ehtiyojlarini ta’minlaydigan va sadoqatli erkak timsoli eng katta ko‘rsatkichni tashkil etadi. Bu jamiyatda yaxshi xislatga ega obrazlarni ko‘proq talqin qilish va kishilar uchun ijobiy ta’sir sifatida bosh g‘oya bo‘lib xizmat qilmoqda. Qolgan ko‘rsatkichlardagi obrazlar ham jamiyatimizdagi ma’lum xarakterli insonlarni gavdalantiradi va ular kinoning rang-barangligini ta’minlaydi.
Dildora DO‘SMATOVA
O‘zA