“Nasriddin Afandi”, “Mahallada duv-duv gap”, “Kelinlar qo‘zg‘aloni”, “Abdullajon”... Bu nomlarni eshitganda beixtiyor o‘zbek tomoshabinlari yuziga tabassum yuguradi.
Darhaqiqat, kundalik hayotimizda va so‘zlashuvimizda milliy kinokomediyalarning alohida o‘rni bor. Quvonarlisi shundaki, kinokomediya janrining o‘zbekona xarakteri va xususiyatlari ham mavjud. Biz bu janrni bejizga eslamadik. Joriy yilda o‘zbek kinokomediyasi 80 yoshni qarshiladi. Gap shundaki, 1943 yilda “O‘zbekfilm” kinostudiyasi buyurtmasiga binoan, birinchi o‘zbek kinokomediyasi “Nasriddin Buxoroda” filmi tomoshabinlarga namoyish etilgan. Film Leonid Solovyovning “Tinchlik qo‘zg‘atuvchisi” romani va Xo‘ja Nasriddin haqidagi Sharq xalq rivoyatlariga asoslangan.
Voqea Buxoro amirining adolatsiz hukmi, kambag‘allarning kamsitilishi, nohaq qozilar, jamiyatdagi tabaqalashuv atrofida ro‘y beradi. Nasriddin bu yerda adolat uchun xizmat qiladigan, nohaqlarni jazolaydigan qahramon sifatida gavdalanadi.
Ssenariy mualliflari Viktor Vitkovich hamda Leonid Solovyov, film rejissyori Yakov Protazanov, operator Daniil Demutskiy, bastakor Muxtor Ashrafiy.
Filmda Nasriddin rolini Lev Sverdlin, Buxoro amiri rolini esa Konstantin Mixaylov ijro etgan. Shuningdek, kinokomediyada Lutfixonim Sarimsoqova, Rahim Pirmuhammedov, Mirshohid Miroqilov, Asad Ismatov, Obid Tolipov kabi o‘zbek aktyorlari ham ishtirok etganlar.
Komediya rus tilida tasvirga olingan, biroq bugun o‘zbek kinofondida qimmatli o‘rin egallaydi.
Nasriddin – O‘rta Osiyo va Yaqin Sharq milliy folklorining o‘ziga xos satirik qahramoni. Uning ishtirokidagi mashhur hangoma va latifalar asrlar davomida yashab kelmoqda. Shuningdek, kino va teatr sohasida ham bu personajga bir necha bor murojaat qilingan. Xususan, 1946 yil Nabi G‘aniyev tomonidan “Nasriddinning sarguzashtlari” nomli yana bir film tasvirga olindi. Bu kinokartina aynan birinchi film negizida yaratilgan bo‘lib, filmdagi rollarni asosan o‘zbek aktyorlari ijro etishgan. Xususan, Nasriddin rolini Razzoq Hamroyev talqinida tomosha qilish mumkin.
O‘tgan 80 yil davomida o‘nlab kinokomediyalar yaratildi. Maishiy, ijtimoiy, fantastik turdagi bu kinokomediyalar ro‘yxatida xalqimiz mehrini qozongan va milliy kinematografiyamiz oltin fondidan o‘rin egallaganlari ham talaygina. Xalqimiz komediya janrini yaxshi ko‘radi. Demak, ushbu janrda ishlangan yangi filmlarga talab hech qachon kamaymaydi.
Zarina Qodirova, O‘zbekiston davlat
san’at va madaniyat instituti magistranti,
O‘zA