Arabic
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
O‘zbek jurnalistikasining “jonli ensiklopediyasi”
22:12 / 2023-08-17

O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi “Yangi hayot uchun, Yangi O‘zbekiston uchun!” bosh g‘oyasi ostida “Faxriy jurnalistlar e’tibor va e’zozda” aksiyasini o‘tkazmoqda.

Aksiya doirasida uyushma vakillari ustoz jurnalistlar, jumladan, sohaning zahmatkash fidoiysi Muxtor Xudoyqulov xonadoniga tashrif buyurdi.  

Ustoz Muxtor Xudoyqulov - salkam oltmish yildan beri  bo‘lajak jurnalistlarga dars berib kelmoqda.  

1965 yildan  O‘zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a’zosi bo‘lgan M.Xudoyqulov 1958 yildan 1964 yilgacha markaziy gazetalarda adabiy xodim bo‘lib ishlagan.  

1964 yildan Toshkent davlat universiteti jurnalistika fakultetida o‘qituvchi sifatida faoliyatini davom ettirgan.  Yillar davomida katta o‘qituvchi, dotsent, kafedra professori vazifasini bajaruvchi, kafedra professori lavozimlarida mehnat qildi. Nomzodlik va doktorlik ilmiy ishlarini himoya qilib, filologiya fanlari doktori ilmiy darajasini oldi.

Bu yil 86 yoshni qarshilagan ustoz hali ham tetik, O‘zbekiston Jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetida bo‘lajak jurnalistlarga dars bermoqda.

Umrini yoshlarga ilm ulashishga bag‘ishlagan ustoz hamon tinib-tinchimaydi. Hali nashriyotga borib yangi darslik va badiiy asarlarini chop ettiradi, hali do‘konma-do‘kon yurib, nodir kitoblar qidiradi.  

Ustoz bilan bir piyola choy ustida bu sohaga qanday kirib kelgani haqida suhbatlashildi. U 1951 yilda ilk xabari gazetada chiqqani-yu, kichkina tanqidiy maqolasi uchun direktordan achchiq dakki eshitganigacha gapirib berdi.  

“Jurnalistikaga kirish”, “Jurnalistik publitsistika” singari qator darsliklar yozgan, badiiy ijod yo‘nalishida ham samarali ijod qilayotgan Muxtor Xudoyqulovni bemalol o‘zbek jurnalistikasining “jonli ensiklopediyasi” deb aytish mumkin.  

O‘zA